Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, mutaxassislar hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda maʼruzachilar tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari boʻyicha taqdim qilgan tahliliy hisobotlar, fuqarolik jamiyat vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlarning baholari va fikrlari tinglandi.

Jumladan, Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining boshligʻi Sharlotta Adrian, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasining vitse-prezidenti Filip Dimitrov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasining rahbari Alkis Drakinos va JICA vakolatxonasining rahbari Suguru Miyadzaki, YEXHTning loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Xans-Ulrix Im va boshqalar Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarning natijalari hamda mamlakatda boshlangan islohotlarni davom ettirish boʻyicha oʻz fikr-mulohaza va tavsiyalarini taqdim etishdi.

Tadbir davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan barcha islohotlar va ularning natijalari haqidagi maʼlumotlarni sodda va ommabop koʻrinishda oʻz ichiga joylagan Reforms.uz elektron platformasi va uning ishlash mexanizimlari taqdimoti oʻtkazildi.

– Mazkur platformani yaratish jarayonida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining (SMTI) mutaxassislari nihoyatda katta maʼlumot hajmini – ham davlat organlarining rasmiy raqamlari va statistikasini, ham xalqaro tashkilotlarning hisobotlarini, xorijiy ekspertlar va fuqarolik jamiyatining baholashlarini oʻrganib chiqdi. Jumladan, 70 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan taqdim qilingan 1 200 dan ziyod hujjatlar ichidan 400 dan ortiq eng muhimlari saralab olinib, ushbu maʼlumotlar barcha uchun tushunarli boʻlgan xalqona tilda platformaga joylashtirildi.

Endilikda, Reforms.uz platformasi orqali mamlakatimizning har bir fuqarosi oʻzini qiziqtiruvchi muayyan mavzu boʻyicha islohotlarning natijasi bilan tanishib chiqishi mumkin. Platformadagi barcha raqamlar taqqoslanuvchi shaklda keltirilgan boʻlib, kuzatuvchilar 1991-yildan 2016-yilgacha va 2017-yildan 2021-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻidagi barcha maʼlumotlarni taqqoslab koʻrishlari mumkin. Eng muhimi, maʼlumotlar platformaga oʻzbek, rus va ingliz tillarida joylashtirilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Harakatlar strategiyasining birinchi ustuvor yoʻnalishi Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish borasida bir qator maʼmuriy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 110 ta samarasiz faoliyat koʻrsatayotgan idoralararo organlar faoliyati tugatildi. 10 ta yangi vazirlik va idoralar tuzilib, 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga oʻtkazildi.

2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda Xalq qabulxonalari va Prezidentning Virtual qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular aholi bilan bevosita muloqotni, tezkor javob berishni va joylarda muammolar hal etilishini taʼminlab kelmoqda. 2017-yildan 2020-yilgacha ular orqali 10,1 mln. murojaatlar oʻrganilib ijobiy hal etilgan.

Byurokratiyaga qarshi kurashish natijasida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun zarur boʻlgan hujjatlar soni 2 barobarga (167 dan 79 gacha) qisqartirildi. 4 yil ichida “Yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etiladigan xizmatlar soni 10 barobarga (16 dan 157 gacha) oshdi.

Konferensiyada soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov tomonidan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish uchun izchil ravishda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib 5 ta davlat dasturi qabul qilgani, ularni amalga oshirishga 114 trln. soʻm va qariyb 31 mlrd. AQSH dollari yoʻnaltirilganligi, Oʻzbekistonni rivojlantirish uchun jami 118 ta funtamental gʻoya ilgari surilgani hamda oʻtgan davrda Harakatlar strategiyasini roʻyobga chiqarish uchun 311 ta qonun, 2000 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, 3000 dan ziyod Hukumat qarorlari qabul qilinganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Oliy sud raisi Kozimjon Komilov oʻz chiqishida sud tizimida amalga oshirilgan bir qator islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Unda eʼtirof etilishicha, 2018-yilda fuqarolarning huquqlari va tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (yoki harakatsizligi) ishlarini koʻrib chiqish uchun maʼmuriy sudlar tuzildi. Maʼmuriy sudlar tomonidan 2017-yildan 2021-yilning sentyabriga qadar 68 mingta ariza koʻrib chiqilib, 44,3 mingtasi qondirildi, xususan hokimlarning 5,3 mingta qarori noqonuniy deb topildi.

2017–2020-yillarda respublikaning tashqi savdo aylanmasi 1,4 barobarga oʻsdi, inflyatsiya darajasi 18,8% dan 11,1% gacha pasaydi, oltin-valyuta rezervlari 26,4 mlrd. dollardan 34,9 mlrd. dollargacha oshdi.

Oʻzbekiston barcha eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar boʻyicha bojxona bojlarini bekor qildi, eksport va litsenziyalash tartibi amallarini soddalashtirdi, 60% import qilinuvchi tovarlar uchun bojxona bojlarining “nol” stavkalarini belgiladi va import bojxona bojlari stavkalarini 6,45% gacha kamaytirdi. Islohotlar natijasida kichik biznes sektori sezilarli darajada oʻsdi: 2016-yilda respublikada 27 ming, 2020-yilda esa – 93 ming kichik tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazildi.

2017–2020-yillarda Oʻzbekiston dori-darmonlar va tibbiy maqsadli buyumlar uchun 1618 mlrd. soʻm ajratdi (1991-2016-yillarda 227 mlrd. soʻm boʻlgan). Ulardan 61,6 mlrd. soʻm qismi onkologik kasalliklarni davolash uchun dorilarga (1991-2016-yillarda 8,3 mlrd. soʻm), 217,4 mlrd. soʻm – gematologiya va onkogematologiya uchun dorilarga (1991-2016-yillarda 2,8 mlrd. soʻm) yoʻnaltirilgan.

Xalq taʼlimi tizimidagi islohotlar natijasida 2017–2020-yillarda 328 ta yangi maktab barpo etildi va 11 yillik majburiy maktab taʼlimi tiklandi.

Maktabgacha taʼlim tizimida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. 2016-yilda 5,2 ming bolalar bogʻchalari faoliyat yuritgan boʻlsa, 2020 yida ular 18,3 mingga yetdi (shu jumladan davlat bogʻchalari soni 5 mingdan 6,2 minggacha oshdi). Bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishi darajasi 2020-yilda 61% ga yetdi, 2016-yilda esa 27,7% boʻlgan edi.

Oʻzbekistonda qambagʻallikni qisqartirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda: qambagʻallik darajasi 2000-yildagi 28% dan 2020-yilda 11% gacha qisqardi. Kam taʼminlangan oilalar bolalar bogʻchalari uchun toʻlovlardan ozod etilgan, kam taʼminlangan oilalarning bolalari boʻlgan maktab oʻquvchilari mavsumiy kiyim bilan taʼminlanmoqda.

Tadbirda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida amalga oshirilgan ishlarga ham atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

Jumladan, Oʻzbekiston birinchi marta diniy masalalar boʻyicha “alohida xavotir uygʻotuvchi” davlatlar roʻyxatidan chiqarildi. Qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli aloqalar mustahkamlanib, chegaralar hamda suv-energetik resurslardan foydalanishga oid masalalar tartibga solindi.

Hozir Oʻzbekistonda 86 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qiladi (2016-yilda u 9 ta davlat uchun amal qilar edi), respublikamiz xalqaro reytinglarda bir nechta pozitsiyaga yuqoriroq koʻtarildi.

Oʻzbekistonning mudofaa salohiyati mustahkamlandi: kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi 68% gacha oʻsdi (2016-yilda 37%), qoʻshinlarning zamonaviy qurol-yarogʻ bilan jihozlanishi darajasi 5 barobarga ortdi.

Shuningdek, xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan “Harakatlar strategiyasi” bugungi globallashuv sharoitida jahonda tub oʻzgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, Oʻzbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yoʻnalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga moʻljallangan muhim milliy strategik hujjati ekanligi amalda toʻlaqonli oʻz aksini topganligi eʼtirof etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar sessiyalarga boʻlingan holda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga moʻljallangan beshta yoʻnalish doirasida soha mutaxassislari bilan erishilgan natijalarni tahlil qilishdi, galdagi vazifalar yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini ishlab chiqishdi.

Har bir sessiya yakunida qizgʻin muhokamalar oʻtkazildi. Konferensiya yakunida xorijiy va mahalliy ekspertlar oʻzlarining fikr-mulohazalari bilan ham oʻrtoqlashishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati