Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov, Oʻzbekiston Respublikasi Faxriylar kengashi raisi Q.Aminjonov, Vazirlar Mahkamasi bosh mutaxassisi U.Yakubov, faxriylar, ota-onalar, maktab pedagogik jamoasi va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar oʻtgan qisqa davrda, Milliy gvardiya tizimidagi uzluksiz taʼlimni rivojlantirish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim sifatini yanada yaxshilash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani va buning amaliy natijasini “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyi misolida ham koʻrish mumkinligini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng oʻquvchilarga taʼlim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlaganliklari uchun tantanali ravishda diplomlar topshirildi.

Abdulxafizov Sardor (Temurbeklar maktabi bitiruvchisi):

— Men Milliy gvardiya “Toshkent Temurbeklar” maktabida oʻqib bilim olganimdan beixtiyor xursandman. Ikki yil davomida malakali ustozlar, ofitser va serjantlardan bilim va koʻnikmalarni oldim. Zamonaviy sharoitda oʻqishga musharraf boʻldim. Maktabni 22 nafar imtiyozli diplom bilan tamomlagan oʻquvchilar qatoridan joy egalladim. Kelgusi oʻqishimni Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida davom ettirmoqchiman. Men Milliy gvardiya saflarida Oʻzbekiston respublikasi Xalqiga va Prezidentiga sodiq xizmat qilaman.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Toshkent “Temurbeklar maktabi” bitiruvchi oʻquvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi boʻyicha soʻnggi yillarda 97.2 foizni tashkil etib respublikamizda barcha harbiy akademik litseylari orasida birinchi oʻrinni egallab kelmoqda. Shu bilan birga Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi oʻquvchilari ham respublika miqyosidagi “Sanʼat gʻunchalari”, Braziliya, Italiya, Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Qozogʻiston kabi davlatlarda oʻtkazilgan xalqaro darajadagi nufuzli tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib, laureatlik unvonlariga sazovor boʻldilar. Bundan tashqari oʻquvchilar sportda ham qator yutuqlarni qoʻlga kiritishib ulgurishgan. Jumladan ular Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston chempionatlarida 6 ta oltin, 4 kumush, 6 ta bronza medallariga sazovor boʻlishgan.

Eslatib oʻtamiz, Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyini tamomlagan oʻquvchilarga kelajakda harbiy oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish uchun 30 foiz, boshqa taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun 15 foizli imtiyoz beriladi.
Har ikkala taʼlim muassasalari bitiruvchilariga kelgusi oʻqishlarida omad va zafarlar tilaymiz.

Jasur ShERMATOV,

Milliy gvardiya Axborot xizmati katta ofitseri
Karitan