“Vatanga Qasamyod” yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga bel bogʻlagan har bir yurtimiz mard oʻgʻlonlarining tantanali vaʼdasi, shuningdek Vatan himoyasi yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli vazifani oʻzida mujassam etgan huquqiy hujjat boʻlib, Qurolli Kuchlar safiga kirgan yosh harbiy xizmatchining hayotidagi unutilmas kun va tantanali vaʼdasi hisoblanadi.

Shu kunlarda Respublikamiz boʻylab Milliy gvardiya harbiy qism va muassasalariga 2023-yilda yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarni Vatanga qasamyod qabul qilish marosimlariga bagʻishlangan tantanali tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda boʻlib oʻtgan tadbirlarda yosh askarlar qasamyodda bitilgan muqaddas soʻzlarni tilga olib, Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli boʻlishga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini soʻzsiz va vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali ravishda vaʼda berdilar. Tadbirda har bir yosh muddatli harbiy xizmatchilarga Prezident sovgʻasi, kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismda boʻlib oʻtgan tadbirda Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev, viloyat hokimining oʻrinbosari Sh.Maxmudov Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov, hamkor vazirliklar mutasaddi rahbarlari va faxriylar ishtirok etishdi.

Milliy gvardiya qoʻmondoni Vatanga qasamyod qabul qilgan barcha yosh askarlarni hamda ularning tadbirda ishtirok etayotgan yaqinlarini samimiy muborakbod etdi.

Shuningdek, Milliy gvardiya boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmat oʻtash uchun kirishayotgan yosh oʻgʻlonlar bir yil qisqa vaqt boʻlsada, har bir daqiqadan unumli foydalangan holda komandirlar tomonidan beriladigan harbiy bilim va koʻnikmalarni mustahkam egallab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan Milliy gvardiyaga bildirilgan ishonch va uning oldiga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, “Burch, Sadoqat, Jasorat” shioriga munosib xizmat qilishlariga ishonch bildirildi.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar xalqimiz tinchiligi va osoyishtaligini, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashdek sharafli va masʼuliyatli vazifaga otlanayotgan oʻgʻlonlarimizga omad tiladi. Joylarda boʻlib oʻtgan yosh askarlarning harbiy qasamyod qabul qilish marosimlariga jamoatchilik vakillari, ota-onalar, oʻquvchi yoshlar tashrif buyurishdi.

Eʼtiborlisi shundaki bir oy davomida harbiy xizmatga koʻnikma hosil qila olgan yosh askarlarning koʻrgazmali chiqishlari barchani birdek hayratda qoldirdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻz farzandlarining yigitlik burchini ado etishga kirishganini koʻrgan ota-onalar faxr tuygʻularini toʻlqinlanib gapirib berishdi.

Marosim soʻngida harbiy orkestor ijrosidagi musiqali va Faxriy qorovul boʻlinmasining saf chiqishlari, harbiy xizmatchi va oʻquvchi yoshlarning qoʻl jangi usullari, hamda Milliy gvardiya ansambli sanʼatkorlarining vatanni madh etuvchi kuy qoʻshiqlari havola etildi.