Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha choralar belgilandi

    Ijtimoiy hayot 23 Fevral 2023 1693

    2023-yil 20-fevralda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga ipoteka krediti taqdim etish orqali uy-joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 71-con qarori qabul qilindi.

    Ilgari turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun harbiy xizmatchilarga pul kompensatsiyasini toʻlash turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal oʻtkazilgan kundan boshlab toʻliq 12 oy oʻtgandan keyin toʻxtatilar edi. Endilikda toʻlovlar uy-joy belgilangan tartibda foydalanishga topshirilgunga qadar toʻlanadi.

    Shuningdek, kompensatsiya olish uchun harbiy xizmatchilar oʻzining va turmush oʻrtogʻining nomida shaxsiy turar joy mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etishi lozim, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonunchilik hujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 21-fevraldan kuchga kirdi.