Ayni kunlarda muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan askarlar Qurolli Kuchlar safidan rezervga boʻshatilib, uylariga tantanali kuzatilmoqda.

Ana shunday tantanali tadbir bugun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori general-mayor Shuxrat Uzakov hamda Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salixov ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar, mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasida hamda Milliy gvardiyaning Toshkent shahridagi harbiy qismida yigitlik burchini oʻtab boʻlgan yoshlarga kelgusi hayot yoʻllarida muvaffaqiyatlar tilashdi.

Marosimda muddatli harbiy xizmati davomida namuna koʻrsatgan bir guruh askarlarga Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor Rustam Jurayev tomonidan tavsiyanoma va tashakkurnomalar tantanali tarzda topshirildi.