Chirchiq oliy tank qo'mondonlik-muhandislik bilim yurtida Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida sayyor qabul bo'lib o'tdi. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Chirchiq harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan qabulga shu tizimda ishlayotgan harbiy xizmatchilar taklif etildi. Sayyor qabulda Savdo-sanoat palatasi, “Sanoatqurilishbank” hamda Chirchiq shahar DXM mutassadilari ham qatnashdi.
14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda harbiy xizmatchilarga Davlat xizmatlari agentligi faoliyati, tizimdagi yangiliklar, sohaga oid yangi qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar va amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati yuzasidan ma'lumotlar berib o'tildi.
— Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilar, ularning oila a'zolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi Chirchiq oliy tank qo'mondonlik-muhandislik bilim yurti boshlig'ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo'yicha o'rinbosari, podpolkovnik Baxtiyor Pardayev. — Biz harbiy xizmatchilarning asosiy vaqti ishda o'tganligi sababli turli davlat xizmatlaridan foydalanish uchun markazlarga borib, ko'p vaqtimizni yo'qotamiz. Shu sababli DXA Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul va sayyor xizmatlar harbiylar uchun ayni muddao bo'ldi. Qolaversa, bugungi sayyor qabul davomida mutaxassislar tomonidan uy-joy subsidiyasi, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ipoteka kreditlarini olish bo'yicha ko'plab savollarga javob oldik.
O'tkazilgan tadbir davomida uy-joy, kadastr, farzandini bog'chaga joylashtirish, kommunal xizmatlar bo'yicha 10 dan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati