Tadbirni tashkil etishdan maqsad yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarni harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishtirishdir. Tadbirda poytaxtimizning A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyining tarbiyachilari va tarbiyalanuvchilari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi faxriylari, professor-o'qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar, Vazirlik matbuot xizmati xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlar Akademiya kursantlarining kundalik harbiy xizmat faoliyatini his qilgan holda real kunlik harbiy xizmatni o'tash tartibi asosidagi yuqori saviyada tashkil etilgan stsenariy bo'yicha erta tongdan to kechga qadar yaqindan tanishdilar.
Tadbir avvalida Akademiyaning kun tartibiga muvofiq, kursantlarning ertalabki “Uyg'on” komandasidan boshlanadigan xizmatga kirishgan bir guruh yosh havaskor harbiylar, avvalo, yotoqxona o'rin joylarini tartibga keltirish hamda ertalabki badantarbiyadan boshlashdi. So'ngra yuvinish, ertalabki nonushta, saf tayyorgarligi jarayonlari ularni bu sohaga yanada qiziqishini uyg'otdi.
Shundan so'ng maxsus o'quv harbiy qurol-aslahalar va kuch vositalar, yong'in va qutqaruv xizmatida foydalaniladigan texnikalar, maxsus asbob-anjomlarning ko'rgazmali namoyishlari, kursantlar ishtirokidagi o'quv minorasining 4-qavatidan o'z-o'zini qutqarish hamda ishg'ol qilish narvoni yordamida 4-qavatga ko'tarilish mashqining namoyishi, kursantlar tomonidan yong'in o'chirish amaliy sporti bo'yicha jangovar yoyilish, maxsus yong'in-qutqaruv avtomobillari orqali ko'rgazmali namoyishi hamda kursantlar sport turining qo'l jangi bo'yicha chiqishlari yoshlarning harbiy sohaga va qutqaruvchilik kasbiga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshishiga sabab bo'ldi.
Ayniqsa, mardlik, jasurlik, fidoyilik va matonat kabi fazilatlarni o'z ichiga olgan fil`mlar namoyishi, shuningdek, Akademiyaning orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy -qo'shiqlar ularning iste'dodini namoyon qilishga undadi, desak mubolag'a bo'lmaydi. YOshlarning ijodkorligini namoyon etuvchi kuylangan taronalar barchaning qalbida iliq tasssurot qoldirdi. Tushlikdan so'ng turli to'garaklar misolida tashkil etilgan sohaga taalluqli va badiiy kitoblar mutoalasi, do'stona sport musobaqalari hamda havaskor ijodkorlarni o'z ichiga olgan qiziqarli mashg'ulotlar ularni yana bir bor harbiy sohaga bo'lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan yoshlarga Akademiya rahbariyatining sertifikatlari va tashakkurnomalari hamda esdalik sovhalari tantanali topshirildi.
─ Bugungi kunda yoshlarimizda yot g'oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, Ona-yurt taqdiri uchun mas'uliyat tuyg'usini mustahkamlash, ularni o'z kasbiga sadoqatli va har tomonlama etuk kadrlar etib tarbiyalash har birimizning burchimizdir deydi ─ podpolkovnik To'lqin Rajabov ─ yosh avlod vakillari bilan harbiy-vatanparvarlik yo'nalishidagi tadbirlarni tizimli olib borish maqsadida tashkil etilayotgan tadbirlar zamirida yoshlarning harbiy sohaga bo'lgan ishtiyoqini yanada oshirish maqsadi mujassam.
Farhodjon XO'JAEV,
Akademiya katta o'qituvchisi