Oʻzgidromet xabar berishicha, ushbu hafta davomida Oʻzbekiston hududining katta qismida asosan quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Faqat janubiy hududlarda, shuningdek, respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 18-oktyabr kuni baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi.

Havo haroratining asta-sekin koʻtarilishi davom etadi. Bugun kunduzi harorat +18...+20 daraja atrofida boʻladi. Haftaning ikkinchi yarmida esa havo kunduz kunlari +22...+25 darajagacha, janubda +27 darajagacha isiydi. Kechasi va ertalab havo ancha iliq, harorat +7...+12 daraja iliq atrofida boʻladi.

Poytaxtda 16-20-oktyabr kunlari havo biroz bulutli boʻladi, vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari +7...+8 iliqdan +11...+12 darajagacha asta-sekin koʻtariladi. 16-17-oktyabr kunlari kunduzi +19...+22 daraja, 18-20-oktyabrda +22...+25 daraja boʻladi.