Havo harorati koʻtarilganda yer usti halqa yoʻli poyezdlari tezligi vaqtincha cheklanadi

    Transport 1 Iyun 2023 1395

    Temir yoʻllardan foydalanish qoidalariga koʻra, relslarning harorati +55 darajadan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytiriladi.

    Yaʼni relslarning harorati +60 darajagacha boʻlganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajagacha 25 km/soatdan oshmasligi, +70 va undan yuqori darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

    Yoz mavsumida esa havo harorati keskin koʻtarilishi oqibatida yer usti temir yoʻllarining relslari hamda ularning poʻlat qismlarida harorat +70 darajagacha yetishi mumkin.

    Yuqoridagilarni eʼtiborga olib, poyezdlar harakati va yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, metropolitenning Yer usti halqa yoʻli va Sergeli yoʻli uchastkalarida havo haroratining koʻtarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligining vaqtincha cheklovi joriy etiladi.