Bu haqda Prezidentning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida maʼlum qilindi.
Farmonga muvofiq, 2025-yil oxiriga qadar atmosfera havosining fon monitoringi uchun 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida xarid qilinadi.
Shu bilan birga, “Air Monitoring Tashkent” platformasi va Toshkent shahar hokimligiga tegishli 10 ta avtomatik stansiya Ekologiya qoʻmitasi boshqaruviga oʻtkazilib, ular asosida “Air Monitoring Uzbekistan” markazlashgan yagona platformasi ishga tushiriladi.
Yangi platformaga xarid qilinishi rejalashtirilgan 347 ta stansiya, Gidrometeorologiya xizmati agentligi barcha kuzatuv stansiyalari, “Zamin” fondi koʻmagida oʻrnatilgan 23 ta avtomatik stansiya toʻliq ulanadi.
Shuningdek, Ushbu maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv postlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) hamda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) Oʻzbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.
Bundan tashqari, maxsus laboratoriyaga uskunalar va unga zarur boʻlgan jihozlar, jumladan, termik optik tahlillarni olib borish uchun termo-optik analizator uskunasi hamda atmosfera havosi namunalarini yigʻib olish uchun 5000 dona kvars filtrlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan toʻgʻridan toʻgʻri xarid qilinadi.








