Haydovchilik guvohnomasi uchun kerak boʻladigan tibbiy maʼlumotnoma qanday olinadi?

    Hozirgi paytda tibbiyot muassasalari tomonidan fuqaroning transport vositasini boshqarishga yaroqliligi toʻgʻrisida beriladigan 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnomani olish jarayoni soddalashtirildi.

    Yaʼni endilikda my.gov.uz — yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali shu turdagi tibbiy maʼlumotnomani onlayn olish mumkin...

    Ammo, yurtdoshlarimiz toʻgʻri tushunishi kerakki, ungacha fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtgan boʻlishi zarur.

    Agar boshidan aytadigan boʻlsak, fuqaro dastlab avtomaktabga boradi. U yerda bir nechta hujjatlar soʻraladi, shulardan biri fuqaroning transport vositasini boshqarishga yaroqliligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomadir. Uni olish uchun tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan haydovchilar tibbiy koʻrik komissiyasiga uchraydi. Asosiy ishlar shu yerning oʻzida bajariladi.

    — Mazkur komissiyalar aholimizga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan, — deydi Toshkent shahar 3-son klinik shifoxonasi bosh shifokori Gulrux Umarova. — Shu jumladan, bizning muassasamiz qoshida ham ana shunday tuzilma boʻlib, bu yerda koʻp hujjat talab etilmaydi, pasport va surat boʻlsa, bas. Davlat boji ham bor. Shundan keyin fuqaroni kerakli shifokorlarga yoʻllaymiz.

    Muhimi, u, bir paytlarda boʻlganidek, bu shifoxonadan unisiga borib, sarson-sargardon boʻlmaydi. Kerakli barcha mutaxassislar shu yerning oʻzida jamlangan boʻlib, qisqa vaqt ichida ularning tekshiruvidan oʻtib ulguradi.

    Natijalar ertasi kuniyoq maʼlum boʻladi hamda u zudlik bilan my.gov.uz — yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtiriladi. Fuqaro maʼlumotnomani qogʻozga chiqarishni xohlasa, xodimlarimiz buni bir zumda amalga oshirishadi.

    Agar tibbiy koʻrik jarayonida fuqaroda biron kasallik aniqlansa, uni tegishli tartibda davolanish uchun yoʻnaltiramiz. Vaqti kelib shu monelik bartaraf etilgach, u haydovchilik guvohnomasini olish harakatlarini davom ettirishi mumkin boʻladi.

    Kimdir 55 yoshdan oshgan boʻlsa, albatta, unga qoʻshimcha tibbiy koʻriklar talab qilinadi. Masalan, bu yoshdagilar yurak kardiogramma tekshiruvidan oʻtadi. Bu, avvalo, ularning oʻzi uchun foydalidir.

    Qoʻshimcha sifatida aytamizki, ayrim kasalliklari boʻlgan fuqarolarga maʼlumotnoma 6 oyga berilishi mumkin. Nima uchun 6 oy? Gap shundaki, u shu vaqt davomida salomatligini tiklab oladigan boʻlsa, maʼlumotnoma muddati uzaytirib beriladi.

    Keyinchalik turli sabablar bilan tekshiruvdan oʻtgan kishining tibbiy koʻrik natijalari, yuqorida aytib oʻtilganidek, portalda bir zumda aks etadi. Zarurat boʻlsa, maʼlumotnomani onlayn olish mumkin.

    Umuman, haydovchilik uchun talab qilinadigan maʼlumotnomani olish jarayonlari soddalashtirilgan, vaqti esa qisqargan. Yaʼni bugun ana shu ishga kirishgan odam sogʻligʻida muammo boʻlmasa, yaʼni 083/h shaklidagi tibbiy maʼlumotnomani olish uchun tibbiy moneliklar boʻlmagan taqdirda, ertasiga maʼlumotnomani qoʻliga oladi.