Bugungi qutlugʻ ayyom, ayniqsa, kichik farzandlarimiz uchun unutilmas kun. Erta tongda masjiddan chiqishimizni yangi kiyim kiyib kutib turgan bolalarimizni koʻrib, ularga borini bergimiz keladi. Fayzli dasturxon atrofida va nurli chehralar qurshovida kichkintoylarga zavq bilan hayitlik ulashamiz. Hammada muborak bayram hayajoni va kayfiyati.

Shu lahzalarda har birimizning bolalik chogʻlarimiz yodga tushadi. Subhidam qorongʻusida otamiz va katta akalarimiz qadamini poylardik. Ular tezroq namozdan chiqishsa-yu, hayitlik olardik, deya intizorlik bilan koʻzimiz toʻrt boʻlardi. Soʻng mehr bilan uzatilgan pullarni sanab, boshimiz osmonga yetardi. Oʻsha chogʻda bizdan baxtli odam yoʻq edi dunyoda. Nonushtadan soʻng qarindoshlarimiznikiga umid bilan chopardik, oʻrtoqlarimizga yiqqan pullarimizni koʻz-koʻz qilib maqtanardik.

Men ham boshqa tengdoshlarim qatori bu ayyomni intiqib kutardim. Bolaligim qiyinchilik yillariga toʻgʻri kelgani uchunmi, har holda toʻplagan pulimga uyimizga non yoki biror yegulik xarid qilardim. Hayitlikning qogʻoz pullari va tangalarini deyarli maktab uchun oʻquv qurollari sotib olishga sarflardim. Qaniydi, ikki hayit darrov kelib, ota-onalarimiz ataganlarini berishsa, daftar-ruchkamizning kamini toʻldirardim, degan niyatda shirin entikardim.

Shaxsiy kutubxonamdagi aksariyat kichik hajmdagi kitoblarni ham shu hadyalar hisobidan olganman. Shu kunlardan va tarbiyadan roziman, chunki hozir yomon boʻlmadik!

Yangi davr bolalari-chi, ular hayitlik pullarini nimaga ishlatishyapti?! Mahalladagi doʻkonlarni oʻgʻlim bilan erinmay aylanaman. Ertalabdan ularning ishi yurishgan, qoʻli qoʻliga tegmaydi. Tijorat atrofi turli oʻyinchoqlar-u, bir martalik sifatsiz mahsulotlar, ichimliklarga toʻla, hatto ularning koʻchma yoymasi yoʻl boʻyigacha chiqqan. Biror doʻkondan daftar, kitob, ruchka sotib olgan bogʻcha tarbiyalanuvchisi va maktab oʻquvchisini koʻrmadim. Biz esa ularning shuncha pulni bir kunlik narsalarga sarf qilishlariga oddiy voqea sifatida qaraymiz, bir yilda 2-marta yayrab qolishsin, deymiz. Ha, ayb oʻzimizda, tushuntirishga hafsalamiz yoʻq yoki dilbandlarimizni oʻz istagiga moyil qoʻyib beramiz.

Axir yoshlikdan tejamkorlik fazilati shakllantirilmaydimi.

Umuman, turli ommaviy bayramlarda, sayllarda bolalarimizning xarid qilayotgan mahsulotlari va sifatiga eʼtiborli boʻlaylik. Bu ham bir chiroyli maʼnaviyat, asl savdo madaniyati, ishonchli salomatlikdir!

Orifjon JOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.