Yillar davomida shuni tushundikki, yutuqlar hikmati vaqtni toʻgʻri taqsimlashda ekan. Shu bois asl ustozlar shogirdlariga, avvalo, har bir inson uchun oltindan qimmatli neʼmat boʻlgan vaqtni qanday qilib toʻgʻri taqsimlash kerakligini oʻrgatishga shoshiladi. Shaxmat bu borada eng ulugʻ ustozdir.
Koʻklamning ilk kunlarida shaxmat ixlosmandlariga taqdim etilayotgan “Tafakkurning 64 nuqtasi” nomli kitobimizda ana shu haqda, u insonga, birinchi navbatda, vaqtning qanchalik bebaho neʼmat ekanini anglatib turishi xususida soʻz yuritilgan. Shu bois ushbu moʻjaz asarimizni oʻqigan kitobxon vaqtni qadriga yetib, uning har lahzasidan unumli foydalanish, “aql gimnastikasi”ga oshno tutinishiga turtki boʻlishidan umidvormiz.
Aslida, shaxmat haqida kalom aytish oson ish emas. Zero, shaxmat – ilm, shaxmat – sanʼat, shaxmat – sport. Asrlar davomida insonni ezgulikka chorlovchi uch jihatni oʻzida majassam etgan mashgʻulot sifatida alohida qadrlanadi.
Qoʻlingizdagi moʻjazgina risola ustida shaxmat fidoyilari, shaxmat boʻyicha koʻplab turnirlar tashkilotchisi va homiysi Anvar Shukurov, akademik Bakriddin Zaripov bilan birgalikda mehnat qildik. U keng kitobxonlar ommasi, barcha shaxmat ixlosmandlari uchun naf keltiradi, degan umiddamiz.
Shaxmat olami – oʻziga xos dunyo. Bu olam bir vaqtning oʻzida barchaniki hamdir. Shaxmatning odamni tarbiyalashda, olamni anglashda hissasi benihoya kattadir. Biz koʻp kuzatgan, koʻp shugʻullangan inson sifatida birinchi omili – halollikni, adolatni tarbiyalashini taʼkidlashni istar edik.
Shaxmat gʻirromlikni koʻtarmaydi. Shaxmat faqat va faqat aqlga ishonishni oʻrgatadi. Shu asosda tarbiyalangan boladan biz kutgan avlod – uchinchi Renessans bunyodkorlari chiqadi. Binobarin, bu kitobda siz hayot falsafasini oʻqiysiz, ilm va tafakkurni charxlaysiz.
Murtoza RAXMATOV,
senator