Bugun yoshlarga yaratilgan imtiyozlar ularning har bir jabhada, xususan, adabiyot, san'at va madaniyat sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlarida aks etayotgani hech birimizga sir emas.
O'z tengdoshlari orasida izlanuvchanligiyu shijoati bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar davrasida esa buni yanada teranroq his qildik.
Uchrashuv davomida Davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori ijrosini taʼminlash va yoshlarni professional san'at asarlari bilan tanishtirish maqsadida O'zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi “So'g'diyona” milliy cholg'ular kamer orkestri tomonidan lektoriy kontsert dasturi tashkil etildi.
Yoshlarni kuzata turib, san'at haqiqatdan ham ruhiyat davolovchisi, hayotga chanqoqlikni, yashash zavqini oshirishga xizmat qilishiga yana bir bor amin bo'ldik. O'ylaymizki, bugungi uchrashuv yuz-ko'zlarida bugungi islohotlardan mamnunlik hissi zohir bo'lgan yoshlarimizda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Ozodbek NAZARBEKOV,
Madaniyat vaziri