Аytaylik, Bagʼdod tumanidagi Samandarak qishlogʼida yashovchi 1-guruh nogironi Nasiba Boboxonova uyda chevarlik qilishi, mahalla xotin-qizlariga bu hunarni oʼrgatayotganini aytib, xonadonini taʼmirlab, qulay mehnat muhitini yaratishda amaliy yordam soʼragan edi.

Murojaatdan soʼng Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasi masʼullari, Xalq qabulxonasi va sektorlar rahbarlari Nasiba Boboxonovaning uyiga kelib, uning oilaviy sharoitini oʼrgandi. Bu oilaning toʼrt vakilida nogironlik bor ekan. Nasibaxonning hunari bor, ishlab oilaga daromad keltirishi mumkin. Natijada ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning uy-joyini taʼmirlash uchun zarur qurilish materiallari, chevar ayolga esa, yangi zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi.

Bagʼdodning Аmirobod mahallasida yashovchi yana bir chevar, 1-guruh nogironi Sohiba Yigitovaning avvalgi ommaviy qabuldagi murojaati ijrosi joyiga chiqib oʼrganildi. U oʼtgan yili uy-joy olish uchun murojaat qilgan, oʼshanda ayolning ota hovlisidan yaqinlari ajratgan joyda ichki imkoniyatlar hisobidan ham uy-joy, ham korxona qurib berish belgilangan edi. Oʼrganishlardan soʼng boshlangan ezgu ishlarni oxiriga yetkazish uchun zarur qurilish materiallari, ayolga zamonaviy tikuv mashinkasi ajratildi. Hademay, besh xonali uy Sohibaxon ixtiyoriga topshiriladi, u esa oʼz yaqinlari bagʼrida moʼʼjaz tikuvchilik korxonasida mahallasidagi 30 dan ziyod qiz-kelinga bosh boʼlib ish boshlaydi.

– Hayotimda moʼʼjiza roʼy berdi. Mana, uylarim bityapti. Ishxonamni ham kengaytirib olsak, shogirdlarim bilan astoydil elga xizmat qilamiz. 30 dan ortiq ish oʼrni yaratishni maqsad qilganman, – deydi quvonchini yashirolmay Sohiba Yigitova.