Qachonlardir davlatimiz rahbari bilan muloqotda boʻlaman, deb sira oʻylamaganman. Lekin kuni kecha Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida shu kutilmagan voqea yuz berdi...
Viloyat faollari bilan uchrashuvda biz, sakkiz-toʻqqiz chogʻli yosh uchinchi qatorda, davlatimiz rahbariga yaqin joyda oʻtirgandik. Barchamizda kuchli hayajon bor edi. Prezidentimiz soʻzladi, soʻng vazirlar, mutasaddilar va oqsoqollar fikrlarini bildirdi. Nazarimizda, hammasi shu bilan tugaydigandek edi. Bir payt Prezidentimiz “Qani, yoshlar, menga nima savollaringiz bor?”, dedi. Kutilmagan chaqiriqdan shoshib, baravar oʻrnimizdan turdik. Birinchi soʻz navbati menga berildi. “Men Boysun tumanidan kelib oʻqiyman. Ijarada yashayman. Oila aʼzolarim ham shartnoma, ham ijara pulimni toʻlab oʻqityapti.
Hisob-kitob qilib koʻrsam, viloyatimizdagi oltita oliy taʼlim muassasasida 36 mingdan ziyod talaba oʻqirkan. Ularning 11 ming 237 nafari xuddi menday ijarada yashaydi. Shu yil 13-aprel kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida men kabi uzoq hududdan kelib oʻqiyotgan talabalar ijara toʻlovining ellik foizgacha boʻlgan qismini davlat byudjetidan toʻlab berish boʻyicha koʻrsatma berdingiz.
Oradan bir hafta oʻtib, bu “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroringizda rasman mustahkamlandi. Hisoblab koʻrsam, birgina Surxondaryo viloyatidagi talabalar ijara toʻlovi uchun bir yilga 6 milliard soʻm atrofida mablagʻ ajratilarkan. Bu yangi Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtiborning katta namunasi. Buning uchun sizga oʻzim va tengdoshlarim nomidan minnatdorlik bildiraman”, dedim.
Fikrlarimni aytarkanman, men qanday kuchli hayajonda gapirsam, davlatimiz rahbari shunchalik eʼtibor bilan eshitayotganini koʻrdim. Koʻnglim gʻururga toʻldi. Ayniqsa, “Hozir yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivalining yakunlovchi — final bosqichi siz boshchiligingizda xuddi oʻtgan yilgi Oʻzbekiston yoshlar forumi kabi yuqori saviyada oʻtkazilsa, biz, yoshlarga katta ragʻbat boʻlardi”, degan taklifim inobatga olingani, Prezidentimizning “Mavluda qizim, boʻldi, xuddi shunday katta tayyorgarlik bilan tadbirni oʻtkazamiz”, deb fikrimni qoʻllab-quvvatlagani qalbimni faxr-iftixorga toʻldirdi.
Kelgusida niyatlarim koʻp. Qaysi kasbni egallamay, davlatimiz rahbarining mana shu eʼtiborini doim yodda tutaman. Oʻz intilishim va saʼy-harakatlarim bilan bu gʻamxoʻrlik va ishonchga munosib boʻlishga vaʼda beraman.
Mavluda NORMAMATOVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Termiz filialining 2-kurs talabasi








