Shu bilan birga, taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda oliy pedagogik taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida taʼlim, xususan, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish borasida alohida toʻxtalib oʻtilgan. Jumladan, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, davlat granti asosidagi qabul parametrlarini 2 barobar oshirish, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini toʻliq oliy maʼlumotli kadrlar bilan taʼminlash hamda 30 ta OTMning taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, shuningdek, top-500 talikka kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma taʼlim dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish kabi vazifalar belgilangan.
Professor-oʻqituvchilar yuklamasini 25 foiz kamaytirish, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy tadqiqotlar natijadorligini hamda ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish uchun ajratilayotgan mablagʻ miqdorini 3 barobar oshirish, shuningdek, 15 ta OTMni dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari reytingiga kiritish kabi masalalar ham shular qatoridan oʻrin olgan.
Samarqand davlat chet tillar institutida xalqaro reytinglardan oʻrin egallash yuzasidan muayyan ishlar qilinyapti. Xususan, OTMni QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentliklarining nufuzli universitetlar roʻyxatiga kiritishga tayyorlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unga muvofiq, QS kompaniyasi veb saytida institutning profili yaratildi.
“QS: EECA 2022” reytingida ishtirok etish uchun zarur talablar boʻyicha har bir indikatorga mos keladigan maʼlumotlar banki tayyorlanib, institutning reyting agentligi platformasidagi portaliga joylashtirilmoqda. Akademik va ish beruvchilar reputatsiyasi boʻyicha xorijiy va mahalliy respondentlar roʻyxati shakllantirildi hamda maʼlumotlar bazasiga yetkazildi.
Shuningdek, Times Higher Education reyting platformasida ham institut profili ochildi. Hozir institutning oʻquv, ilmiy tadqiqot faoliyatiga tegishli maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, ularni joylashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Shu yil 22-iyunda Times Higher Education agentligining “Asia University Rankings 2023” (Osiyo universitetlari reytingi – 2023) natijasi eʼlon qilindi. Mazkur reytingda yurtimizdagi 32 OTM bilan bir qatorda Samarqand davlat chet tillar instituti ham “reportyor” maqomida qayd qilindi. Bundan biroz oldin, yaʼni 1-iyun Times Higher Education agentligining “THE Impact Rankings” reytingida Oʻzbekistondagi 47 ta OTM nomi qayd etilgani maʼlum qilindi. Mazkur roʻyxatda Samarqand davlat chet tillar instituti ham boʻlib, ilk bor 3 yoʻnalish boʻyicha “THE Impact Ranking” reytingiga kirdi.
Prezidentimizning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni bilan birga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida har yili OTMda faoliyat koʻrsatayotgan 5 ming professor-oʻqituvchini tajriba almashish, 200 yosh olimni ilmiy daraja olish uchun xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining eng nufuzli xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish, ular huzurida ilmiy markaz va institutlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilanmoqda. Shunga muqoyasa qilganda, bugun Samarqand davlat chet tillar instituti 100 dan ortiq xorijiy OTM va xalqaro taʼlim tashkiloti bilan hamkorlik qilib keladi. Mazkur qaror loyihasidan kelib chiqib, faoliyatimizni kengaytiramiz.
Oʻzbekistonni jahonga tanitib, yoshlarni ruhlantiradigan, kuch-quvvat beradigan kuch boy tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, bobolarimizdan qolgan madaniy merosdir. Shu yoʻnalishdagi tadqiqotlarni faol qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish, til va adabiyot, tarix, arxeologiya, maʼnaviyat, madaniyat va sanʼat kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishlari boʻyicha alohida ilmiy tadqiqot dasturlari shakllantirish uchun nufuzli olimlar (akademiklar, fan doktorlari) tarkibidan ilmiy kengashlar (ekspert guruhlari) tashkil etish kabilar ham loyihadan joy olgan. Jumladan, yosh tadqiqotchilar ulushini oshirish, ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktorantura kvotalari sonini bosqichma-bosqich oshirish va stajyor-tadqiqotchilik instituti samaradorligini taʼminlash, bunda bitiruvchilarning doktoranturaga oʻqishga kirishini tashkil etish vazifasi kiritilgan. Bundan anglashiladiki, ilmiy ish qilaman, deganlar uchun imkoniyat yanada kengayadi. Shu maʼnoda, oxirgi besh yilda institutimizda fan doktorlari soni 17 nafardan 29 nafarga, fan nomzodlari 75 nafardan 125 nafarga yetdi. Bu koʻrsatkich muttasil ortib bormoqda.
Loyihada band boʻlmagan shaxslar, kambagʻal oilalarning ishsiz aʼzolari, farzandlari hamda yoshlarni byudjet hisobidan davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik koʻnikmalariga tayyorlash, malakasini oshirish orqali bandligiga koʻmaklashish belgilangan. Bu yoʻnalishda ham institutimizda dastlabki qadamlar qoʻyilgan. OTMda “Karyera markazi” tashkil etilgan boʻlib, ishlashga ehtiyojmand talabalar bilan ish olib boriladi. Joriy yil hisobidan talabalarning 48 foizi ish bilan taʼminlandi. Ular hozir maktabgacha taʼlim, maktab, xizmat koʻrsatish tashkilotlari va xorijiy tillar oʻqitiladigan oʻquv markazlarida faoliyat yuritmoqda.
Yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillarga oʻqitish tizimini yaratish yoʻnalishi boʻyicha maktab bitiruvchilarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va oliy taʼlimga qamrovni oshirish maqsadida institutimizda 6 ta til oʻqitish markazi faoliyat yuritmoqda. Ularda yiliga 4 mingdan ortiq abituriyent chet tillarni oʻrganmoqda. Kelgusida bu koʻrsatkichni oshirishni rejalashtirganmiz.
Samarqand viloyatidagi 9 ta kollej va texnikumda nemis tili oʻquv kurslari ochilgan. Darsdan tashqari vaqtda har biri 15 oʻquvchidan oshmagan guruhlar uchun mashgʻulotlar tashkil etiladi. Texnikumlarda tashkil etilgan oʻquv kurslariga Samarqand davlat chet tillar institutining malakali hamda xalqaro til bilish darajasiga (C1) ega professor-oʻqituvchilari jalb etilgan. Bu borada oʻquv va fan dasturlari ishlab chiqilib, chet eldan maxsus darslik va adabiyotlar keltirildi. Nemis tilini oʻqitish kurslariga oʻquvchilar A1 darajadan qabul qilinadi va B2 darajaga ega boʻlgunga qadar tayyorlanadi.
Loyihaning yoshlar oʻrtasida IT sohani yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish yoʻnalishida yoshlarga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻrgatish, yuqori daromadli sohalarda bemalol ishlay olishi uchun sharoit yaratish belgilangan. Yosh olimlarning innovatsion va ilmiy loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida institutimizda “Incubation and acceleration center” tashkil etilgan. Qolaversa, Samarqand viloyatidagi IT park, Yoshlar texnoparki va “MIT academy” oʻquv markazi kabi tashkilotlar bilan shartnoma tuzganmiz. Ular talabalarimizni axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassis qilib tayyorlaydi. Samarqand davlat chet tillar institutida oʻtkazilgan “TechnoWays” texnologik rivojlantirish marafonida gʻolib boʻlgan 3 nafar talabamiz 10 million, 8 million va 6 million soʻm miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilgani mazkur saʼy-harakatlar hosilasidir.
Qaror loyihasining oliy taʼlimga qamrovni kengaytirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish yoʻnalishida yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 2023/2024 oʻquv yilida 42 foizga, 2024/2025 oʻquv yilida esa 43 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, davlat OTMlariga grant asosidagi qabul parametrlarini oshirish darajasini 2024/2025 oʻquv yilida 20 foizga, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari yuklamasini 2023/2024 oʻquv yilida 10 foiz, 2024/2025 oʻquv yilida esa 15 foiz qisqartirish kabilar belgilangan.
Bu saʼy-harakatlarga biz ham hissa qoʻshishga intilyapmiz. Xususan, institutimizda yangi oʻquv binolari, talabalar turar joylari va kutubxonalar qurilishi, shuningdek, yangi taʼlim yoʻnalishlari, fakultetlarni ochish ishlari muntazam davom ettirilmoqda. Misol uchun, 2022-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 500 oʻrinli talabalar turar joyi bunyod etildi. Shuningdek, 350 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joylari mukammal qayta taʼmirdan chiqarildi. Oʻtgan yili oktyabr oyida yangi qurilgan, barcha zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan 130 oʻringa moslashgan oʻquv, 70 oʻrinli kompyuter xonalari hamda 200 oʻrinli faollar zali ishga tushirildi. Qolaversa, 25 ming 500 nomdagi 288 ming nusxa ilmiy, oʻquv va xorijiy adabiyot bilan boyitilgan, bir vaqtning oʻzida 500 talabaning oʻqib izlanishiga moʻljallangan uch qavatli axborot-resurs markazi foydalanishga topshirilgani ham yoshlar uchun katta imkoniyat boʻldi.
Joriy yilda yaroqsiz holatda turgan 1000 oʻrinli oʻquv binosi mukammal qayta taʼmirlanib, zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan holda ishga tushirildi. Hozir 7 qavatli, 2 ming oʻrinli oʻquv binosini qurish va 350 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyini mukammal taʼmirlash ishlari qizgʻin davom etmoqda. Jumladan, bitta ochiq sport maydoni, bitta yopiq sport majmuasi, bitta maktabgacha taʼlim muassasasi hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab qurish ishlari kelgusi rejamizdan oʻrin olgan.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash yangi tizimini yaratish yoʻnalishi boʻyicha ham muayyan ishlarni boshlaganmiz. Samarqand shahridagi Devori koʻndalang, Guliston, Boʻston hamda Dukchiyon mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʻlgan 40 nafar yosh bizga biriktirilgan. Ular bilan muntazam uchrashib, muammo va takliflarini oʻrganyapmiz. Koʻmakka muhtojlarga talab va ehtiyojidan kelib chiqib qurilish anjomlari, ayollar sartaroshxonasi uchun jihozlar, noutbuk, duxovka, bir martalik moddiy yordam hamda kitoblar jamlanmalari berilmoqda.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida barcha yoʻnalishdagi ishlarning ijro mexanizmi bandma-band keltirilgan. Vazifa va topshiriqlar aniq-tiniq belgilangan. Uni takliflarimiz bilan yanada boyitish imkoniga egamiz. Bu ham yangi davrning oʻziga xos jihatlaridan. Zero, Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda”, degan gapi barcha yurtdoshlarimizni, xususan, yoshlarni Vatanimiz ravnaqi yoʻlida birlashib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, har tomonlama obod va farovon davlatga aylantirishga munosib hissa qoʻshishga daʼvat etadi.
Ilhomjon TOʻXTASINOV,
pedagogika fanlari doktori, professor