Maʼlum qilinishicha, dunyo aholisi Albaniya, Dominikan Respublikasi, Tanzaniya, Kosta-Rika va Shimoliy Makedoniyaga bemalol sayohat qilishi mumkin.

Taʼkidlanishicha, ayni paytda 69 ta mamlakat sayohatlar uchun butunlay, yana 73 mamlakat qisman yopiq boʻlib qolmoqda. Shuningdek, 70 ta mamlakat sayyohlardan karantinda boʻlishni yoki COVID-19 uchun manfiy test-sinovidan oʻtishni talab qilmoqda.

Tashkilot hisobotida koʻrsatilishicha, yangi koronavirus shtammlarining tarqalishi mamlakatlarni yana-da qatʼiy choralar koʻrishga, shu jumladan, chegaralarni yopishga olib kelgan.

“Cheklovlarning joriy etilishi soʻnggi maʼlumotlar va tahlillarga asoslanishi kerak. Chunki millionlab korxonalar va ishchilarni qamrab olgan sohani xavfsiz va masʼuliyatli qayta boshlashni taʼminlash uchun doimiy ravishda tekshirish ishlarini olib borish talab etiladi”, – deya taʼkidlagan tashkilot rahbari Zurab Pololikashvili.

Avvalroq olimlar turizmning koronavirus tarqalishiga qanday taʼsir koʻrsatishini maʼlum qilgandi.