Hech qaysi muolaja inson mehriga teng kelmaydi

    Turizm 20 Sentabr 2023 1249

    Joriy yil fevral oyida Turkiya Respublikasida sodir boʻlgan zilzila oqibatlarida jabr koʻrgan yoshi ulugʻ insonlarning bir guruhi uchun Oʻzbekiston boʻylab sayohati tashkil etilyapti.

    Oʻzbekiston Hukumati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xayrli tadbir jarayonlariga 30 kishidan iborat turkiyalik qardoshlarimiz jalb etilgan.

    18-sentyabrda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida Turkiya delegatsiyasi vakillari Turizm qoʻmitasi mutasaddilari, Toshkent shahri hokimi oʻrinbosari, Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi, Hunarmand uyushmasi rahbariyati tomonidan kutib olindi. Mehmonlar shu kunning oʻzida Toshkent shahrida Hazrati Imom va Suzuk ota majmualarini ziyorat qildilar.

    “Zilzila dahshatlari bizning qalbimizda oʻchirib boʻlmas dogʻ qoldirdi. Ofat oilamdan 7 kishini – turmush oʻrtogʻim, ikki oʻgʻlim, bir qizim, qaynonam, qaynotam va amakimni olib ketdi. Oilamdan yolgʻiz oʻzim qoldim. Boshimdan kechirganlarimni soʻzlar bilan ifodalab bera olmayman. Uysiz va yolgʻiz qolish dahshat edi. Psixolog yordami va reabilitatsiya uchun muolajalar oldim. Hech qaysi inson mehriga teng kelmaydi. Alloh bizga yaxshi insonlarni yordamga yubordi. Qardosh Oʻzbekistonning qutqaruv guruhi birinchilardan boʻlib yordam qoʻlini uzatdi. Oʻzbekistonga sayohat esa, qaygʻumizni aritish uchun eng sevimli taklif edi. Ota yurtimizga sayohat, maʼnaviy merosimiz beshigi boʻlgan joylarni ziyorat qilish qalbimizni yoritish va ruhimizni yangilashga xizmat qilishiga shubham yoʻq. Qardosh oʻzbek xalqidan qancha minnatdor boʻlsak, oz”, — deb oʻz fikrini bildirdi sayohatchilardan biri Emine Aksu.

    Sayohatchilar 7 kun davomida mamlakatimizning turizmi rivojlangan hududlari: Toshkent, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga sayohat qiladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.