Bolalar ombudsmani tomonidan joriy yilning 18-19-iyul kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan monitoringi davomida mazkur hududda joylashgan 2-sonli tergov hibsxonasida boʻlib, muassasada saqlanayotgan 2 nafar voyaga yetmagan X.X. va R.T. lar sharoitlari koʻzdan kechirildi va ular bilan alohida suhbatlashildi.
Monitoring davomida mazkur voyaga yetmaganlar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotganligi aniqlandi.
Qachonki xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka koʻra, hibsxonalarda voyaga yetmaganlar kattalardan ajratilgan tarzda saqlanishi shart boʻlib, alohida hollardagina bunga prokuror roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Bolalar ombudsmani monitoring doirasida aniqlagan ushbu qonun buzilishi yuzasidan yoʻllagan alohida soʻrovi asosida hibsxonadagi mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganishda aniqlanishicha, tergov hibsxonasi maʼmuriyatining mutasaddi mansabdor shaxslari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yildagi “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 41-moddasi talablariga rioya qilinmasdan, prokuror roziligini olmasdan turib, voyaga yetmaganlarni katta yoshli shaxslar bilan bir kamerada saqlanganligi uchun bu qonun buzilishiga yoʻl qoʻyganlarga “qattiq hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllanildi.
Tekshiruvda katta yoshli mahbuslar tomonidan voyaga yetmaganlar huquqlariga zarar yetkazish faktlari aniqlanmay, ayni paytda voyaga yetmaganlar katta yoshli shaxslardan alohida kameraga joylashtirilgan boʻlib, hibsxona maʼmuriyati qonun talablariga qatʼiy rioya qilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Bolalar ombudsmani monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi holatlari bartaraf etilishi ustidan oʻz kuzatuvini davom ettirmoqda.