Murojaatda Sh.X. sodir etgan jinoyati tergovi doirasida hozirda mazkur tergov hibsxonasida saqlanayotganligi, oilada yolgʻiz boquvchi ekanligi, voyaga yetmagan farzandi M.X. (2022-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) nafaqada boʻlgan ota-onasining qaramogʻida qolganligi, farzandi tugʻma xastaligi, oʻgʻliga tibbiy, moddiy, ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatilishini yoki vaqtincha davlat qaramogʻiga olinishini soʻragan.
Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganish davomida kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan oilaga ijtimoiy ish boʻyicha keys ochilib, shuningdek, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moddiy yordam ajratish choralari koʻrildi. Voyaga yetmagan M.X. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan buvisi X.M. ga patronatga topshirildi (moddiy taʼminot nazarda tutilgan).
Oʻz navbatida, Bolalar ombudsmani mazkur vaziyatda bola manfaatlari yuzasidan oʻz kuzatuvini davom ettiradi.