Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Tomonlar 2022-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmining 30 foizga izchil oʻsishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Yaqin kelajakda ushbu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga etkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga oʻzaro qiziqish bildirildi.

Investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati koʻrib chiqildi. Hindiston ishbilarmonlarining bir qator yirik loyihalarni amalga oshirishda oʻzbek hamkorlari bilan oʻzaro hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Andijon viloyatidagi “Sadilla Pharmaceuticals” kompaniyasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan 50 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqarilish korxonasi, “Pratiksha Hospital Group” bilan hamkorlikda Samarqandda 8,5 million dollar hajmidagi investitsiyalar evaziga tashkil etilgan tibbiy klinika shular jumlasidandir. Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitim yuzasidan kelishish ishlari yakunlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mazkur hujjat imzolanishi ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish va ishbilarmonlik hamkorligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Shuningdek, muzokaralar davomida moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari muhokama etildi. Jumladan, Hindiston Eksimbank tomonidan 4 ta ustuvor ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun ajratilgan 448 million dollarni oʻzlashtirish boʻyicha ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining birgalikdagi faoliyatini jadallashtirish, shuningdek, olib borilayotgan ishlarni monitoring qilish maqsadida hindistonlik mutaxassislarni jalb etish rejalashtirildi.

Multimodal transport yoʻlaklari mintaqaviy tarmogʻini rivojlantirishni, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashishni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida transport jihatidan oʻzaro bogʻliklikni mustahkamlash masalalari alohida tartibda koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan loyiha va tashabbuslar doirasida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini tezkor hal etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarning birgalikdagi faoliyatini jadallashtirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.