Hindiston bilan tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik tobora rivojlanmoqda

    Joriy yil 16-fevral kuni Hindistonning “Neo Institute of Medical Science and Technology” kompaniyasi bilan hamkorlikda Telangana shtatining Haydarobod shahrida Toshkent tibbiyot akademiyasining rasmiy vakolatxonasi ochildi.

    Uning ochilishi marosimida Toshkent Tibbiyot akademiyasi rektori professor A.Shodmonov, akademiyaning Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi M.Jafarov, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi vakillari, “Neo Institute of Medical Science and Technology” kompaniyasi rahbari Divya Raj, hindistonlik talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Marosim chogʻida mehmonlarga Toshkent tibbiyot akademiyasining faoliyati, taʼlim sohasidagi innovatsiyalar, erishilayotgan muvaffaqiyatlar va istiqboldagi rejalar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar oʻrtoqlashildi.

    Yangi ochilgan vakolatxona sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim, taʼlim muassasalarida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa sohalarda respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xorijiy jamoatchilik orasida keng targʻib qilish hamda hindistonlik yoshlarni Toshkent tibbiyot akademiyasida oʻqishga jalb etish, akademiya va Hindistonning yetakchi shifoxonalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, Hindistonning tibbiyot sohasidagi ilgʻor tajribasini oʻrganish va ularni akademiya faoliyatida tadbiq qilish kabi vazifalar ijrosiga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston delegatsiyasining Hindistonga safari davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Haydarobod shahridagi “Sri Sri Holistic” shifoxonasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ushbu hujjat “Sri Sri Holistic” shifoxonasi negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-oʻqituvchilari va talabalarining oʻquv dasturi doirasida Hindistonda amaliyot oʻtashi va shifokorlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish imkonini ham beradi.