Tadbirda Hindiston Tashqi ishlar va Fuqaro aviatsiyasi vazirliklari, Dehli xalqaro aeroporti, Hindiston ekspeditorlari federatsiyasining havo tashuvlari boʻyicha mutasaddi vakillari, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston aviakompaniyalarining Dehlidagi vakolatxonalari xodimlari, Oʻzbekiston hamda Hindiston diplomatlari ishtirok etdi.
Vebinarda hindistonlik ishtirokchilar ayni vaqtda Hindiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro savdo hajmi siyosiy munosabatlarga nomutanosib ekani, ushbu sohada alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan koʻplab jihatlar mavjudligi, mintaqa davlatlari, ayniqsa Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tabiiy mahsulotlarni Hindiston bozoriga olib kelish hamda hind mahsulotlarini Markaziy Osiyoga yetkazib berish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish maqsadida Hindiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida “havo yoʻlagini” tashkil etishning muhimligi aytib oʻtildi.
Bunday yoʻlakning ochilishi natijasida Hindistondan mintaqa mamlakatlariga yetkazilayotgan mahsulotlarni vaqt va mablagʻ tejagan holda dunyoning boshqa davlatlariga, xususan, Yevropaga olib borish va, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo tovarlarini Hindiston orqali Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozoriga kirishi uchun qulay imkoniyatlar yuzaga kelishi haqida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston – Hindiston iqtisodiy aloqalarning istiqbollariga alohida toʻxtalgan holda, ikki mamlakat oʻrtasida savdo-sotiq tobora kengayib borayotgani, mamlakatimizning turli sohalarda eksport imkoniyatlari ortayotgani, shuningdek, Oʻzbekistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, quritilgan meva, asal, limon, qovun hamda Hindistondan banan, mango va boshqa turdagi mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish imkoniyatlari mavjudligi borasida ham fikr almashildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.