Uchrashuvda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, mamlakatimizning Hindiston va XXRdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi masalalar, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va munosabatlarning yangi yoʻnalishlari batafsil koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston delegatsiyasining 2021-yil dekabr oyida Hindistonga tashrifi yakunlari muhokama qilindi. Tashrif maqsadi Hindistonning tegishli vazirliklari, idoralari va kompaniyalari bilan birgalikda yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat edi. Bugungi kunda sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmaviy rivojlanish, taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi aniq loyiha va tadbirlarni oʻz ichiga olgan yangi keng qamrovli hamkorlik dasturi ishlab chiqilayotgani taʼkidlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga qisqa muddatlarda mustahkam kelishuvlarga erishish uchun hindistonlik hamkorlar bilan mavjud barcha masalalarni ustida ish olib borish yuzasidan manzilli koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha takliflar ishlab chiqish maqsadida barcha yoʻnalishlarda ishlarni faollashtirish topshirildi.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yigʻilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forumni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar alohida muhokama qilindi.
Xuddi shu tartibda XXR bilan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Investitsiyaviy sheriklik va oʻzaro savdoning barqaror oʻsib borayotgan koʻrsatkichlari fonida bugungi kunda ikki davlatning iqtisodiy hamkorligini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar va ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Hukumatlararo va idoralararo hamkorlikning keng koʻlamli masalalari, jumladan, qator ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish choralari koʻrib chiqildi. Rejalashtirilayotgan tadbirlarning iqtisodiy kun tartibini boyitish hamda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda munosabatlarni kengaytirish va yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqish topshirildi.
“Oʻzbekiston–SHHT” sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Mutasaddi rahbarlarga zarur infratuzilmani yaratish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun boʻlajak investorlarni jalb etish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish ishlarini tezlashtirish topshirildi.
Uchrashuv yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari hamda Oʻzbekistonning Hindiston va XXRdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga belgilangan vazifalar doirasida qoʻshimcha topshiriq va koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.