Hindiston yangi avlod meteorologik sun'iy yo'ldoshini orbitaga olib chiqdi

    Hindiston koinot tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) ob-havoni kuzatish uchun yangi avlod INSAT-3DS sun'iy yo'ldoshini koinotga muvaffaqiyatli uchirdi.

    Hindiston koinot agentligining X (sobiq Twitter) ma'lum qilishicha, sun'iy yo'ldosh orbitaga GSLV raketa-tashuvchisi vositasida olib chiqilgan.

    “GSLV-F14/INSAT-3DS missiyasi: raketa-tashuvchi sun'iy yo'ldoshni mo'ljallangan geostatsionar uzatish orbitasiga muvaffaqiyatli olib chiqdi”, deyiladi xabarda. Raketa Bengal ko'rfazidagi Shrixarikota orolidagi Satish Dxavan nomidagi Koinot markazidan uchirildi.

    2274 kilogramm og'irlikdagi INSAT-3DS uchinchi avlod meteorologik sun'iy yo'ldosh bo'lib, geostatsionar orbitaga joylashtiriladi. Missiyaning maqsadi keng ko'lamli meteorologik kuzatuvlar o'tkazish, quruqlik va okean sathlarini kuzatish, ob-havoni bashorat qilish va tabiiy ofatlardan ogohlantirishdan iborat, deb xabar beradi tass.ru.