Bu haqda Hindiston OAVlari xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, “Ramabay” majmuasidagi 50 ga yaqin xonadondan iborat to'rt qavatli turar-joy binosi yonidagi bo'sh turgan bino ustiga qulab tushgan.
“To'rtinchi qavatda bir yoshli qizchaning tug'ilgan kuni bo'lib o'tayotganida, bino qanotidagi 12 xonadon qulab tushdi, oqibatda uyda yashovchi odamlar va mehmonlar vayronalar ostida qolib ketdi”, dedi voqea guvohlari.
Hodisa vaqtida tug'ilgan kuni nishonlanayotgan qiz ham halok bo'ldi.
Vasai-Virar munitsipal korporatsiyasi (VVMC) rasmiysiga ko'ra, jabrlangan va qutqarilgan olti kishi turli shifoxonalarda davolanmoqda.
Favqulodda vaziyatlar guruhlari, jumladan, tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy kuchlari (NDRF) mahalliy politsiya va o't o'chirish brigadasi vayronalar ostida qolganlar bor-yo'qligini tekshirish uchun vayronalarni tozalashda davom etmoqda, deb xabar berdi report.az.








