Hindistonda “Ibn Sino va Oʻzbekiston” kitobining taqdimoti oʻtkazildi

    Madaniyat 13 Oktabr 2020 3212

    Buyuk ajdodimiz, tib ilmining bilimdoni Abu Ali ibn Sino tavalludining 1040-yilligini munosib nishonlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi “Ibn Sino” jamoat fondi, Hindistonning Aligarx musulmon universiteti va mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Ibn Sino va Oʻzbekiston” nomli kitobning taqdimoti oʻtkazildi.

    Maʼruzalarda Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosi haqida soʻz yuritildi. Xususan, uning dunyo tibbiyoti va boshqa sohalar rivojiga taʼsiri, zamonaviy tibbiyot fani uchun dolzarbligi haqida fikrlar bildirildi. Abu Ali ibn Sinoning oʻz davri uchun “innovatsion gʻoyalar manbai” boʻlgani taʼkidlandi.

    Kitob muallifi professor Abdul Latif oʻz maʼruzasida asarning mazmuni xususida batafsil toʻxtalib, Ibn Sino ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekistonda olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Ushbu kitobning yozilishiga allomaning ulkan ilmiy-amaliy merosi bilan bir qatorda oʻzining Oʻzbekistonga amalga oshirgan safari davomida orttirgan ijobiy taassurotlari asosiy sabab ekanini maʼlum qildi.

    Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonasi rahbari tomonidan kitob muallifiga va tadbirda ishtirok etgan maʼruzachilarga samimiy minnatdorchilik bildirildi. Abu Ali ibn Sino va boshqa oʻzbek allomalari merosini tadqiqotini tashkil etish, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yana-da chuqur oʻrganishda elchixona jamoasi Hindiston ilmiy markazlari bilan doimiy hamkorlikka tayyor ekanligi taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Abdul Latif, Aligarx musulmon universiteti professori, Ibn Sino akademiyasi kotibi, kitob muallifi:

    — 2019-yil 20-21-sentyabr kunlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan “X Ibn Sino oʻqishlari” xalqaro ilmiy–amaliy konferensiyasida ishtirok etgan edim. Safarim davomida buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning kindik qoni toʻkilgan yurti Afshona qishlogʻida boʻldim. Albatta, buyuk olim Ibn Sino ilmiy merosi va hayoti bilan bir necha yillardan beri shugʻullanib kelayotgan tadqiqotchi sifatida uning tugʻilib oʻsgan ona vatanida boʻlish orqali menda oʻzgacha taassurotlar paydo boʻldi. Ana shu safarim davomida menda “Ibn Sino va Oʻzbekiston” nomli kitobni yozish gʻoyasi paydo boʻldi. Ibn Sino buyuk faylasuf, tibbiyot, kimyo, fizika, astronomiya va boshqa koʻplab aniq fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan xalqaro miqyosdagi olim sifatida butun dunyoda hurmat bilan tilga olinadi.

    Men oʻz kitobim orqali Ibn Sinoning naqadar buyuk shaxs ekanini, u qoldirgan ilmiy merosning insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritish bilan birga ushbu alloma tugʻilib oʻsgan yurt – bugungi zamonaviy Oʻzbekiston haqida oʻquvchilarga yetkazishga harakat qildim.