Bugun yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida har jabhada tub oʻzgarishlar roʻy beryapti. Keng koʻlamli islohotlar natijasida xalqimiz dunyoqarashi, ongu tafakkuri yuksalmoqda, yangilanishlarga xayrixohligi oshmoqda. Ayniqsa, “Davlat — inson uchun” degan ezgu gʻoya hayotga tatbiq etilayotgani, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi barcha maqsad va vazifalar yurtimizda inson qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgani yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayapti.

Xususan, taraqqiyot strategiyasining toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishida oliy taʼlim muassasalarida mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qodir yoshlarni tarbiyalash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash kabi qator vazifalar belgilangan.

Bu borada oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi taʼlim muassasalari zimmasida ham alohida masʼuliyat bor. Prezidentimizning shu yil 18-mart kuni sogʻliqni saqlash xodimlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida bu haqida batafsil soʻz yuritildi. Oliy va oʻrta maxsus tibbiyot taʼlimi muassasalari oldida turgan maqsad va vazifalar ochiq-oydin belgilab berildi. Ushbu topshiriqlardan kelib chiqqan holda, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ham muayyan ishlar bajarilmoqda. 

Hozir taʼlim muassasasining 8 ta fakultetida 12 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 24 ta mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Tibbiyot kun sayin rivojlanayotgan, sohaga yangi tushuncha va texnologiyalar kirib kelayotgan ayni paytda bu yoʻnalishlar kamlik qiladi. Shu bois, kelgusi oʻquv yilida institutda 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 6 ta magistratura ixtisosligi ochilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, tibbiyotda nanotexnologiya, raqamli tibbiyot, bioinjiniring texnologiyalari, biokimyo (tibbiyotdagi genetika) kabi yoʻnalishlar boʻyicha yetakchi xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari sonini oshirish chorasi koʻrilmoqda. Ushbu saʼy-harakat natijasida talabalar sonini 5 409 nafardan 6 963 nafarga yetkazish imkoni vujudga keladi.

Muassasamizda anʼanaviy tibbiyot bilan birga, xalq tabobatini oʻqitishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bugun institutimiz bazasida 20 nafar shifokordan iborat Xalq tabobati va integrativ tibbiyot shifoxonasi faoliyat olib boryapti. Bu yoʻnalishda sifatli kadrlar tayyorlash uchun 2020-yilda xalq tabobati yoʻnalishi ochilgan. Hozir bu boʻyicha 55 nafar talaba oʻqiyapti.

Xalq tabobati tabiiy dorivor giyohlar bilan davolashga asoslangan. Shu bois, institutning dorivor oʻsimliklar yetishtirish uchun ajratilgan bir gektar yer maydonida oʻndan ortiq shifobaxsh giyoh yetishtirilmoqda. Ularni amaliyotga tatbiq etish va taʼsirini oʻrganish boʻyicha 12 ta ilmiy ish olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining sogʻliqni saqlash xodimlari bilan uchrashuvida oʻrta maxsus tibbiyot bilim yurtlarini oliy taʼlim muassasalariga biriktirish orqali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan edi. Mana shu topshiriq ijrosi yuzasidan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi 6 ta jamoat salomatligi texnikumi va bitta tibbiyot kolleji institutimizga biriktirildi.

Kelgusida mazkur taʼlim muassasalari bilan muntazam akademik hamkorlik olib boriladi. Yana bir ahamiyatli jihat shuki, Buxoro viloyatidagi tuman tibbiyot birlashmalari va markaziy tibbiyot muassasalari bosh vrachlari soni 41 nafarni tashkil etadi. Endi ushbu bosh vrachlar ham ilmiy faoliyatga jalb qilinib, ularga institutdan 41 nafar rahbar biriktiriladi.

Chunki bugun hamma sohaga ilmiy yondashuv talab etilyapti. Ayniqsa, amaliyotdagi mutaxassislar uchun bilimi va tajribasini muttasil oshirib borish suv va havodek zarur. Institut qoshida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriya tashkil etilgan. Apparatlar yarim avtomat va avtomat tarzda ishlaydi, asosan, Germaniya, Belgiya, Turkiya davlatlaridan olib kelingan.

Ilmiy laboratoriyada 150 dan ortiq tahlil namunalarini oʻtkazish imkoniyati mavjud. Ushbu jihozlar yordamida talabalarning klinik va amaliy koʻnikmalari shakllantiriladi. Ilmiy laboratoriya yonida zamonaviy jihozlangan oʻquv xonalari tashkil etilgani ham talabalarga qulaylik yaratmoqda.

Ushbu sharoitlar tufayli oʻtgan 2020-yili Buxoro davlat tibbiyot institutida 400 nafar chet ellik talaba tahsil oldi. Joriy oʻquv yilida pedagogik jamoamiz Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan kelgan 600 nafar boʻlgʻusi tibbiyotchiga taʼlim bermoqda.

Ayniqsa, Hindistondagi xalqaro Noida universiteti bazasida Buxoro davlat tibbiyot institutining filiali ochilgani xalqaro taʼlim aloqalari sohasida katta yutuqlarimizdan boʻldi. Buning natijasida chet ellik talabalar soni ortib, yurtimiz oliygohlarining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshdi. Eng asosiysi, oʻz anʼana va yutuqlariga ega boʻlib borayotgan oliy taʼlim dargohi soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimiz milliy reytingida bir necha oʻnlab pogʻona yuqori koʻtarildi.

Jumladan, 2017-yilda institut milliy reytingda 41-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2020-yilga kelib, yurtimizning eng yaxshi oliy taʼlim muassasalari oʻnligiga kirdi. Institutning xalqaro miqyosda taʼlim jozibadorligini oshirish va jahon reytinglarida barqaror pozitsiyani egallashi borasida maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.

Qolaversa, tibbiyotning bir qator yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim sonining yil davomida yanada koʻpayishi kutilyapti. Oʻtgan yil yakuniga qadar muassasamizning ilmiy salohiyati 43,2 foizni tashkil etib, 70 ta ilmiy ish yoqlandi. 450 nafar professor-oʻqituvchidan 40 nafari fan doktori, 160 nafari fan nomzodi, 34 nafari esa ilmiy ish bilan shugʻullanayotgan doktorant, 74 nafari mustaqil tadqiqotchi.

Bundan tashqari, tibbiyoti rivojlangan chet davlatlarda iqtidorli olimlarimizdan 5 nafari dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli yoqlagan. Institutimiz talabalari mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda sovrinli oʻrinlarni egallab, nufuzli stipendiya va mukofotlarga ega boʻlayotgani ham quvonarli hol.

Jumladan, oʻtgan yili 44 nafar talabamiz shunday yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi. Kutilayotgan yangiliklardan biri —  institutning yangi kampusi foydalanishga topshirilish arafasida. Mazkur majmuada talabalar shaharchasi, poliklinika va talabalar turar joylari, ilmiy laboratoriyalar oʻrin oladi.

Bu yerda molekulyar genetik laboratoriya, oʻquv va simulyatsiya markazi, dorivor oʻsimliklar yetishtiriladigan maydon, kichik ilmiy va amaliy anʼanaviy tibbiyot sohasida zarur dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish uchun farmatsevtika zavodi tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, istiqboldagi rejalarimiz institutimiz talabalarining mukammal bilim olib, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajakda el koriga yaraydigan yetuk shifokorlar boʻlib yetishishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.