Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfida boʻlgan ayol Oʻzbekistonga qaytarildi

    Uni ishga chaqirgan kishilar jinsiy xizmat koʻrsatishga majburlashga harakat qilgan. Ayol ulardan qochishga va mahalliy politsiyaga murojaat qilishga muvaffaq boʻlgan.

    Oʻzbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yoʻli bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam koʻrsatdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

    Diplomatik missiya konsullik boʻlimiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli Oʻzbekiston fuqarosi aniqlangani haqida maʼlumot kelib tushdi.

    Shundan soʻng zudlik bilan yurtdoshimiz bilan aloqa oʻrnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant boʻlib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov toʻzogʻiga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.

    Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yoʻl xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat koʻrsatishga majburlashga harakat qilishgan.

    Z.T. oʻzi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq boʻlgan.

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan ogʻir ahvolga tushib qolgan fuqaromizga tezkor konsullik-huquqiy yordami koʻrsatildi hamda homiy tashkilotlar koʻmagida «Dehli-Toshkent« yoʻnalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.

    Hindistonning tegishli muassasalari bilan Oʻzbekiston fuqarosini yolgʻon vaʼdalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora koʻrilishi boʻyicha hamkorlik qilinmoqda.

    Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolgʻon vaʼdalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda boʻlib turish chogʻida mahalliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi.

    Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami koʻrsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:

    Telefon: +91 11 2467 0774/75;

    Telegram-bot: @consuluzbindia_bot .