Odam savdosi bilan shugʻullangan oʻzbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi

    Voqea-hodisalar 19 Iyun 2025 544

    Mazkur shaxs Turkiya hududida qoʻlga olinib, shu yilning 17-iyun kuni belgilangan tartibda Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turkiya Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida yirik tezkor-qidiruv tadbiri amalga oshirildi. Ushbu hamkorlik natijasida Oʻzbekiston hududida jinoyat sodir etgan va qidiruvga berilgan shaxs qoʻlga olindi.

    Jinoyatni fosh etishda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda Istanbul shahridagi Bosh konsulxonaning birinchi kotibi — ichki ishlar masalalari boʻyicha aloqa ofitseri oʻrtasidagi samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 1981-yilda tugʻilgan I.U. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi boʻyicha Namangan viloyati IIB tomonidan qidiruvga berilgan. Tezkor maʼlumotlar asosida u Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida yashirinib yurganligi aniqlandi.