Hindistonning Chabaxar port shahridan Eron va Markaziy Osiyo davlatlarining avtomobil yoʻllari boʻylab mashinada harakatlanib kelayotgan “Kalunga” sport klubi aʻzolari shu haftada Oʻzbekistonning bir qator shahar va qishloqlarida boʻlishdi.
Yoʻltanlamas avtomobilida 7 ta davlat hududida harakatlanib kelayotgan 4 kishilik jamoa aʻzolari poytaxtimizda ham qator uchrashuvlar oʻtkazishdi. Xususan, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasida sayyohatchilar yoʻl taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Shundan soʻng, mehmonlar Toshkentdagi Hind klubi aʻzolari bilan muloqot oʻtkazib, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan hind diasporasining yashash tarzi, urf-odat anʻanalarni oʻziga xos tarzda amalga oshirib kelayotganligi boʻyicha fikr-mulohazalar almashishdi. Shuningdek, mehmonlar Oʻzbekiston avtomotosport jamiyati vakillari bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik boʻyicha muloqot qilishdi.
– Biz avtosportni rivojlantirish bilan birga Hindistondan Markaziy Osiyo davlatlariga yuklarni transportda tashish boʻyicha xalqaro dastur va loyihalar amalga oshirish uchun 6 ming kilometrli magistral avtoyoʻllarning holati va infratuzilmalarni oʻrganishga ham oʻz hissamizni qoʻshayapmiz. Jumladan, Oʻzbekiston bizda katta taassurot qoldirdi. Xususan, avtomagistral yoʻllari tekis va ravon. Infratuzilmalar toʻla shakllangan boʻlib, avtoservis, yoqilgʻi quyish shaxobchalari hamda ovqatlanish maskanlari koʻp uchraydi, – deydi Hindistonning “Kalunga” sport klubi vakili Tamanna Dexuri xonim.
“Kalunga” sport klubi rahbari Ramesh Maxarapatraning fikricha, Samarqand va Buxorodagi tarixiy binolar arxetekturasi juda chiroyli, sayyohlarni oʻziga rom etadi. Shuningdek, har bir hududning oʻziga xos taomlari bor. Ayniqsa, lagʻmon hindlarning achchiq taomlarini oʻrnini bosishga asqotgan.
Shuningdek, palov, qovurdoq, shashlik va somsa kabi milliy taomlar ham jamoaning har bir aʻzosiga maʻqul kelgan. Umuman, Hindiston sport klubi aʻzolari 3 kun mobaynida Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent shaharlarida boʻlib, tarixiy va diqqatga sazovar joylar hamda muzeylarga borib, Oʻzbekiston madaniyati, sanʻati, tarixi va anʻanalari bilan yaqindan tanishishdi.
Abjuvohid OCHILOV