Materialda Andijon viloyati hokimining oʻrinbosari Aziz Mahsumov va Hindiston gastronomik turizm tashkiloti prezidenti Rajiv Goyal Andijon oshpazlik madaniyatini xalqaro koʻlamda keng targʻib etish boʻyicha oʻzaro Anglashuv memorandumini imzolagani maʼlum qilingan.
«Oʻzaro Anglashuv memorandumi tomonlar oʻrtasida Andijonning noyob pazandachilik merosini targʻib qilishda yaqin hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hindiston gastronomik turizm tashkiloti oziq-ovqat turizmiga alohida eʼtibor qaratgan holda Andijonning boy pazandachilik takliflarini xalqaro auditoriyaga keng namoyish etish uchun marketing va reklama koʻmagini koʻrsatadi”, deb yozgan muallif.
“Biz Andijonning boy pazandachilik merosini dunyoga namoyish etish maqsadida Hindiston gastronomik turizm tashkiloti bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Viloyatimiz madaniy oʻziga xosligimizning ajralmas qismi boʻlgan rang-barang oshxonaga ega. Bu hamkorlik Andijon pazandachiik madaniyatini global auditoriyaga targʻib qilish va mintaqamizga koʻproq mehmonlarni jalb qilishga yordam beradi”, deya Andijon viloyati hokimi oʻrinbosarining soʻzlaridan iqtibos keltirada manba.
Rajiv Goyal, oʻz navbatida, gastronomik turizm jadal rivojlanayotgan yoʻnalish ekanini, Andijon oshxonasi esa butun dunyodan sayyohlarni jalb qilish uchun katta imkoniyatlarga egaligini taʼkidlagan.
“Ushbu hamkorlik Andijonda turizm industriyasini yanada rivojlantirish va viloyat iqtisodiy yuksalishiga xizmat qilishi kutilmoqda”, deya xulosa qilgan maqola muallifi.