Hindistonning yirik kompaniyasi bilan transport vositalari va motor moylari ishlab chiqarish istiqbollari muhokama etildi

    Sanoat 13 Yanvar 2025 113

    O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboev Hindistonning yirik kompaniyalar guruhi hisoblanadigan «Hinduja Group – India» raisi Ashok Hinduja va «Hinduja Group – Europe» raisi Prakash Hinduja bilan muzokaralar o‘tkazdi.

    Elchi hindistonlik tadbirkorlarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalar jalb etish, raqobatbardosh yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoatga ilg‘or xalqaro tajriba va ko‘nikmalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan sa'y-harakatlar haqida so‘zlab berdi.

    Dunyodagi yetakchi kompaniya va sanoatchilarning mamlakatimizda samarali ishlab chiqarish quvvatlari yaratish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish, investitsiyalar kiritishi uchun taqdim etilayotgan qulay va jozibador muhitga alohida e’tibor qaratildi.

    «Hinduja Group» rahbar vakillari O‘zbekistondagi yangilanish jarayoni xalqaro reytingi yuqori bo‘lgan turli yirik kompaniyalarning mamlakat bozoriga kirib kelishi va samarali sheriklik qilishi uchun mustahkam asos bo‘layotganini ta'kidladi, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli rejalar ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qildi.

    Tomonlar O‘zbekistonda hamkorlikda hayotga tadbiq etiladigan loyihalar, xususan, transport vositalari va motor moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.