“Hippo Global” xalqaro ingliz tili olimpiadasining mintaqaviy bosqichi Samarqand shahrida oʻtkaziladi

    Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev “Global Hippo” uyushmasi prezidenti Daniyeli Piachenti bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻtkazilgan muzokaralarda mazkur uyushma tomonidan 2025-yilda tashkil etiladigan xalqaro ingliz tili olimpiadasining mintaqaviy bosqichini Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    “Hippo English without Borders” – bu Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi shafeligida oʻtkaziladigan xalqaro ingliz tili fani olimpiadasi boʻlib, asosiy tili ingliz boʻlmagan 65 ta davlatdan, shu jumladan Oʻzbekistondan oʻquvchilar oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazadilar.

    Joriy yilda ushbu olimpiadada 90 mingga yaqin oʻquvchi, shundan 4 400 nafar mamlakatimiz yoshlari murosasiz bellashuvlarda qatnashgan. Mazkur tanlov toʻrtta, jumladan, hududiy imtihonlar, mamlakat gʻoliblari, mintaqaviy va dunyo gʻoliblari kabi saralash bosqichlaridan iborat. Imtihonlarning yakuniy bosqichi esa Italiyada oʻtkaziladi.

    Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan mintaqaviy bosqichda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya va Mongoliya davlatlaridan ishtirokchilar qatnashishi kutilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.