Iqtisodiy va moliyaviy jarayonlar doimo harakatda bo'ladi. Bu esa ularni qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solish, nazorat qilish mexanizmlarini qo'llashni taqozo etadi. Ayniqsa, so'nggi yillarda moliyaviy nazorat tizimini tubdan isloh qilishga ehtiyoj ortib bormoqda.

Yurtimizda moliyaviy nazoratning oliy organi hisoblangan Hisob palatasi mamlakatimizni isloh qilish va rivojlantirishning hozirgi bosqichida ilg'or xalqaro tajribalar asosida davlat moliyaviy resurslarini samarali boshqarish hamda byudjet mablag'laridan maqsadli va oqilona foydalanish ustidan davlat moliyaviy nazorati tizimini takomillashtirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.

Ushbu standartlarni hayotga tatbiq etish maqsadida 2021-yil 27-avgustda Prezidentimizning “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi  farmoni qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda 2022-yil 1-oktyabrga qadar O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga Oliy audit organlari xalqaro tashkiloti (INTOSAI) a'zosi bo'lish, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda respublikada yangi moliyaviy, samaradorlik, muvofiqlik hamda fuqarolar ishtirokidagi auditning milliy standartlarini ishlab chiqish va palataning nazorat tadbirlarini ushbu mezonlarga muvofiq o'tkazish vazifasi yuklatildi.

Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Hisob palatasi tomonidan INTOSAI ga a'zo bo'lishning mazmuniy va tashkiliy jihatlari ustida faol ish olib borildi. Xususan, xalqaro muassasaga 2019-2022-yillarda raislik qiluvchi Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi raisi Aleksey Kudrin va tashkilot bosh kotibi, Avstriya oliy audit organi rahbari Margit Kraker bilan muntazam konstruktiv muloqotlar bo'ldi.

Palata matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, INTOSAI boshqaruv kengashi tarkibiga kiruvchi 18 ta davlatning oliy audit organlari rahbarlari bilan Hisob palatasining ushbu tashkilotga kirish tashabbusini qo'llab-quvvatlash bo'yicha muzokaralar o'tkazildi.

Nihoyat, INTOSAI boshqaruv kengashining joriy yil 23-noyabrda bo'lib o'tgan 75-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasining ushbu tashkilotga to'la huquqli a'zo sifatida qabul qilinishi bir ovozdan ma'qullanib, rasman e'lon qilindi.

Bu, avvalambor, mamlakatimizda so'nggi yillarda vujudga kelgan ochiqlik va shaffoflik siyosatiga asosan xalqaro hamjamiyat bilan olib borilayotgan konstruktiv muloqotning mahsuli hisoblanadi. Mazkur a'zolik O'zbekiston oliy audit organi faoliyatining rivojlanishida muhim tarixiy bosqich bo'ldi. Hisob palatasining INTOSAI tarkibiga kirishi, avvalo, davlat sektoridagi auditning nufuzli xalqaro standartlarga yaxshiroq moslashishiga imkoniyat yaratadi. Bu standartlar yurtimizda moliyaviy nazorat jarayoni shaffofligini oshirish, auditorlik faoliyati sifatini ta'minlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, yirik xalqaro tuzilmaga integratsiyalashuv ilg'or g'oyalar, tajriba va nou-xau almashinuvi, davlat sektorini samarali nazorat qilishning yangi standartlarini o'zlashtirish, xalqaro hamjamiyat doirasida e'tirof etilgan jamoatchilik ovoziga ega bo'lish kabi qator imkoniyatlar eshigini ochadi.

1953-yilda tashkil etilgan INTOSAI BMTga a'zo mamlakatlardagi oliy audit institutlarini birlashtiruvchi avtonom xalqaro tashkilot bo'lib, “O'zaro tajriba barcha uchun manfaatlidir” shiori ostida faoliyat yuritib kelmoqda. 2021-yil holatiga ko'ra, tashkilotga 195 mamlakatning oliy audit organlari a'zo bo'lgan. O'zbekiston ham ushbu formatdagi xalqaro tuzilmaga a'zo bo'lishdan manfaatdor. 

O'zbekistonning yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida xalqaro ixtisoslashgan tuzilmalar bilan ko'p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy ma'no-mazmun bilan boyitamiz, deya alohida ta'kidlagani bejiz emas. Bu yurtimiz tashqi siyosatida xalqaro moliyaviy institutlar bilan ham ko'p tomonlama munosabatlar o'rnatish va rivojlantirish asosiy masalalardan biri bo'lib qolishini ko'rsatadi.

Muxtasar aytganda, INTOSAI tizimida qo'llaniladigan yangi xalqaro audit standartlari yurtimizda moliyaviy nazorat jarayonining shaffofligini oshirish, auditorlik faoliyati sifatini ta'minlashga xizmat qiladi. Bu esa audit hisobotlariga nisbatan keng jamoatchilik ishonchining ortishiga olib keladi.

Kelgusida O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi INTOSAIga a'zo xorijiy oliy audit organlari bilan ham yaqin hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri