Joriy yil 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizda Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushirilgan edi. Bugunga qadar barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan, ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari majburiy tartibda mazkur dasturiy kompleksda ro'yxatga olinib kelinmoqda.
Bunda, nazorat ob'ekti rahbari QR-kod orqali nazorat tadbiri asosliligini tekshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro'yxatga olinmagan nazorat tadbirlarini o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi va bunday nazorat tadbirlari noqonuniy hisoblanadi.
Joriy qilingan yangi tizim orqali byudjet tashkilotlarining huquqlari himoya qilinadi, ularda qayta-qayta tekshirishlar o'tkazish holatlari hamda faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldi olinmoqda.
Dasturiy kompleksning ishga tushirilishi moliyaviy nazorat organlari faoliyatini tartibga solish, korruptsion omillarni oldini olish, byudjet mablag'laridan samarali foydalanish hamda vertikal nazorat tizimini o'rnatish imkonini yaratadi.
Byudjet tashkilotlari o'zlarida o'tkazilgan davlat moliyaviy nazorati tadbirlari yuzasidan yozma fikrlarini “Davlat auditi” dasturiy ta'minotiga kiritish hamda nazorat tadbirlari yakunlariga baho berish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu esa nazorat tadbirlari xolisligini, tekshiruvchilarning mas'uliyatini oshiradi.
Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi xalqaro hamjamiyatning e'tiborini ham o'ziga jalb etdi. Joriy yilning iyun oyida ushbu dastur haqida ma'lumot Yevropa oliy audit organlari (YVROSAI) tashkilotining Axborot texnologiyalari bo'yicha ishchi guruhining maxsus byulletenida (Estoniyada) nashr qilingan edi.
Kuni kecha “Davlat auditi” dasturiy kompleksi haqida Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti INTOSAI tomonidan nashr qilinadigan Davlat auditi xalqaro jurnali (International Journal of Government auditing)ning navbatdagi sonida maqola chop etildi.
Ma'lumot uchun: Davlat auditi xalqaro jurnali AQSHning Vashington shahrida har chorakda bir marotaba ingliz, fransuz, nemis, ispan va arab tillarida nashr qilinadi. U INTOSAI tashkilotining rasmiy nashri hisoblanadi. Jurnal tahririyati kengashi raisi INTOSAI Bosh kotibi Margit Kraker hisoblanadi.