Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar

    Darhaqiqat shunday. Pul topish qiyin, ammo uni oʻz oʻrnida sarflash bundanda qiyin. Shu oʻrinda masalaning yana bir tomoniga oʻquvchilarimiz eʼtiborini qaratishni lozim topdik, deyiladi Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati xabarida.

    Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining “Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish muddatlari va tartibi” deb nomlangan 332-moddasida “Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan hollarda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmay qoldirilganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay toʻlashi kerak”, deb belgilab qoʻyilgan.

    Bundan tashqari kodeksning “Transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish asoslari va tartibi” toʻgʻrisidagi 291-moddasining 3-qismiga koʻra, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida jarima toʻlanmagan taqdirda, transport vositasi jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqargan vakolatli organ rahbarining yozma koʻrsatmasiga binoan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi.

    Bunday hollarda haydovchining ovoragarchiligi yana-da ortadi. Belgilangan jarimadan tashqari transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonida turgani uchun ham qoʻshimcha toʻlovni amalga oshiradi.

    Shu bois, Toshkent viloyati IIBB YHXB qoidabuzarlik sodir etib, jarimalarni oʻz vaqtida toʻlamasdan yurgan haydovchilardan muammo ustiga muammo tugʻdirmasdan qoidalar talablarini oʻz vaqtida bajarishini soʻraydi.