Hokim oʻrinbosarlari diplomatik akademiyada malaka oshiradi

    Ta'lim 13 Yanvar 2023 791

    Vazirlar Mahkamasining 10.01.2023-yildagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitish, shuningdek, ayrim lavozimdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 8-son qarori qabul qilindi.

    Hujjatga muvofiq, diplomatik lavozimlarga tayinlanayotgan nomzodlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada oʻqishlari lozim.

    Muddati 5 kundan 1 yilgacha (25 dan 1152 soatgacha) boʻlgan oʻquv kurslari anʼanaviy va masofaviy shakllarda tashkil etiladi.

    Soʻnggi 3 yilda xorijiy davlatlardagi tayyorlov va malaka oshirish kurslarida oʻqish muqobil tayyorlashdan oʻtish hisoblanadi. Muqobil tayyorlashdan oʻtgan tinglovchilarning xorijiy davlatlarda olgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati (sertifikati) asosida ularga nisbatan sertifikat amal qilish muddati davomida Akademiya oʻquv kurslarida oʻqish talab etilmaydi.

    Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha tinglovchilar yozma shaklda imtihon topshirishadi. 55 va undan yuqori ball toʻplagan tinglovchilarga oʻquv kurslarini tugatganlik toʻgʻrisida sertifikat beriladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislari har uch yilda bir marta Akademiyada oʻqishlari shart, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.01.2023-yildan kuchga kirdi.