Z.Mirzayev: qaysidir xonadonda sizning yordamingizga muhtoj bemorlar bor. Ular hayotga tashna, shifokorning maslahatiga ehtiyoji katta

    Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev Toshkent tibbiyot akademiyasining bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashdi.

    Viloyatdagi barcha tuman hokimlari ishtirok etgan muloqot kun tartibidan talabalarni ish bilan taʼminlash masalasi oʻrin oldi.

    Hokim Janubiy Koreya va Rossiya bilan oʻrnatilgan hamkorlik doirasida viloyat mutaxassislarining bandligini taʼminlash hamda malakasini oshirish tizimi kun sayin takomillashayotganini taʼkidladi.

    Shuningdek, bemorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan zamonaviy kadrlarni qoʻllab-quvvatlash va ularga munosib sharoit yaratib berish istagida ekanini, viloyatda ishlash imkoni bor talabalarni 6-kursdan ishga qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

    — Tajribam davomida kasbiga munosib koʻplab shifokorlarni koʻrdim. Siz ham ularning safida boʻlishingizga ishonaman, — dedi viloyat hokimi. — Odamlarda kasallikka qarshi immunitet shakllantirishimiz uchun boʻlajak shifokorlar zamonaviy bilimlardan tashqari inson bilan muloqot qilib, dardini koʻzidan anglab olish malakasini egallagan boʻlishi kerak. Yaxshi bilaman: qaysidir xonadonda sizning yordamingizga muhtoj bemorlar bor. Ular hayotga tashna, shifokorning maslahatiga ehtiyoji katta. Shuning uchun ham bu yerda uchrashib turibmiz.

    Uchrashuvda aholi orasida avj olayotgan ayrim ijtimoiy kasalliklar va ularning olish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, endokrin va yurak qontomir kasalliklari koʻpayib borayotgani, bu soha uchun mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi taʼkidlandi.

    — Biz sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish orqali bu muammolarni hal qilishimiz mumkin, — dedi Z.Mirzayev. — Buning uchun aholiga toʻgʻri maslahat beradigan, namuna boʻladigan, bor ilmini, koʻnikma va malakasini aholi salomatligi uchun sarflashga tayyor, fidoyi shifokorlar zarur.

    Bitiruvchilar ishga joylashish, uy-joy va iqtisodiy taʼminot yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi, deyiladi Toshkent tibbiyot akademiyasi axborot xizmati xabarida.