Bu haqda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.

Uning qayd etishicha, 2023-yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgaztaʼminot” AJ, Suv xoʻjaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Biroq oliy taʼlim, transport hamda qishloq xoʻjaligida oshgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi, sogʻliqni saqlash, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmogʻi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024-yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bogʻliq holda sodir etilgan.

Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyatida,Toshkent shahrida va Samarqand viloyatida eng koʻp sodir etilgan va aksincha, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar kam sodir etilgan.

Agentlikka 2024-yil davomida jami 4176 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat maxalliy hokimliklarga 55 ta soʻrovnoma yuborilgan, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shundan 1 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 19 ta qabul qilingan qarorlar bekor qilingan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilgan.

Bundan tashqari, agentlik tomonidan 327 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilib, natijalariga koʻra 327 ta loyihaning 71 foizida yoki 233 tasida 676 ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlangan va ularni bartaraf etish choralari koʻrilgan.