Maʼlumot oʻrnida, yangi yildan respublikamiz boʻyicha 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga koʻmak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi. Tizimga masʼul boʻlgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etildi.

Shavkat Mirziyoyev “Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi. Ularning asosiy vazifasi – oʻz mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrni yaratish, kambagʻallikni qisqartirish va oilalar daromadini koʻpaytirishdan iborat. Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli boʻlishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “koʻmib tashlamasligi” lozim. Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak”, deya alohida taʼkidlagandi.

Tahliliy ruhda kechgan oʻsha majlisdan soʻng Namangan viloyatida mazkur jarayonlar bilan bogʻliq tashkiliy-amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshligʻi Tolibjon Yusupov bilan suhbat uyushtirdik.

- Hurmatli Tolibjon Mahmudjonovich, dunyoda oʻxshashi yoʻq mahalla institutimiz jamiyatda dolzarb boʻgʻinga aylanmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda oʻrni va roli kun sayin oshayotgan mahallalar ichiga chuqur kirib borishni esa davrning oʻzi taqozo etmoqda. Tabiiyki, yangi tizim maxsus tayyorgarlikni, masʼuliyatni talab qiladi. Prezident tomonidan ushbu yoʻnalishga oid zarur masalalar hal qilib ham berildi. Endi uni hayotga keng qoʻllash, natijadorlikka erishish darkor. Keling, dastlab qisqa vaqt mobaynida bajarilgan tashkiliy ishlarga toʻxtalsangiz.

- Avvalo, taʼkidlash joiz, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambagʻallikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash instrumentlari bevosita mahalla darajasiga tushirildi. Oʻylaymizki, bundan aholi juda xursand boʻlmoqda.

Yangi tizimning tashkiliy ijrosiga tezkor ravishda kirishdik. Namangan viloyatida mavjud 780 ta mahallaning barchasiga malakali iqtisodchi xodimlar respublika ishchi guruhi aʼzolari tomonidan suhbatdan oʻtkazildi va hokim farmoyishi bilan ishga qabul qilindi. Jumladan, 1 ta respublikadan, 115 ta viloyatdan, 664 ta tuman tashkilotlaridan iqtisodiy bilimga, tashkilotchilik qobiliyatiga ega nomzodlar tanlab olindi va tayinlandi. Ular tarkibida 37 nafar rahbar, 77 nafar rahbar oʻrinbosari, 413 nafar boʻlim boshligʻi, 160 nafar tadbirkor, 64 nafar iqtisodchi MFY raisi va rais oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotganlar hamda 29 nafar rahbar boʻlib ishlagan sobiq xodimlar bor.

Hokim yordamchilarini muvofiqlashtirib turish uchun respublikadan “Asaka” bank raisi Nodirbek Saydullayev yetakchiligidagi 23 nafar masʼul vakil shahar va tumanlarga biriktirildi. “Mahallabay” ishlashning vertikal tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida 85 shtatdan iborat Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmasi tashkil qilinib, unga namunali faoliyat yuritayotgan Uychi tumani hokimining 1-oʻrinbosari Shokirjon Imomovni rahbar etib tayinladik.

Hokim yordamchilarini lavozimga qoʻyilgunga qadar oʻz faoliyatida zaruriy bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun oʻn besh kun davomida Davlat boshqaruv akademiyasi boshchiligida Adliya, Bandlik, Markaziy bank, Soliq va boshqa vazirliklar vakillari tomonidan seminar-treninglar oʻtkazildi. Yakuni boʻyicha test imtihonlari olinib, munosib nomzodlarga sertifikatlar topshirildi. Qisqa muddatli oʻquv kurslarida ishni qanday tashkil etish, xonadonlarni oʻrganishda, tasniflashda, mahallaning oʻsish nuqtasini belgilashda nimalarga eʼtibor qaratish yuzasidan asosiy koʻnikmalarni egallashdi.

- Mana, 2022-yilning birinchi oyi ham yakunlanmoqda. Mahallabay ishlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyishda hokim yordamchisi lavozimiga tayinlanganlar faoliyatlarini qanday ishlardan boshlashdi? Umuman olganda, joriy yilda mazkur yoʻnalishdagi ulugʻvor rejalar nimalardan iborat?

- Yangi yilning ilk kunlaridanoq barcha hokim yordamchilari hokimlar, sektorlar rahbarlari va mahalla faollariga toʻliq tanishtirilib, ish-rejaga muvofiq namunaviy soʻrovnoma asosida xatlovlar boshlab yuborildi. Hozirda 117,4 mingta (22,1 foiz) xonadon xatlov qilinib, oʻrganilgan xonadonlar iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli boʻyicha uch toifaga ajratib chiqildi. 59,7 mingta namunali, 40,1 mingta oʻrta, 18,6 mingta ehtiyojmand xonadon shular jumlasidan.

Xatlov jarayonida jami 27 ming 873 ta muammo aniqlandi. Xususan, ishlash istagidagi mehnatga layoqatli ishsizlar, kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqish xohishi bor xonadonlar; tadbirkorlik bilan shugʻullanish niyatidagi oilalar; kredit olish uchun talabgorlar, kooperatsiya hamda subsidiya asosida ishlash maqsadida yurganlar, boʻsh yotgan tomorqa yer maydonidan boshqa yoʻnalishlar asosida unumli foydalanmoqchi boʻlganlar, chet elda mehnat qilish uchun ketadigan fuqarolar va hokazo. Qayd etilgan kunlik muammo va takliflar 1-chorak “Yoʻl xaritasi”ga kiritib borilmoqda. Bunda hokim yordamchilari biriktirilgan mahallada 1-chorakning oʻzida oʻttiz foiz xonadonning daromad manbai aniqlanib, ularga hamma imkoniyatlar (subsidiya, kredit, yer va boshqa manbalar)dan foydalanilgan holda viloyat boʻyicha 160 ming xonadon qoʻllab-quvvatlanadi.

2022-yilda hokim yordamchilari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 865 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratilishi 1 021 mlrd. soʻmlik kreditlarning qaytarishi hisobiga amalga oshiriladi. Shuningdek, 204 mlrd. soʻmlik subsidiya mablagʻlari aholiga taqdim etiladi. Meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 108 mln. dollar va 285 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlari yoʻnaltiriladi. 4 ming 439 gektar yer maydoni 137 ming ishsiz fuqaroga oʻn yil muddatga oʻrtacha 10-15 sotixdan ijaraga beriladi. Hisob-kitoblarga koʻra, shu yer maydonlari viloyat boʻyicha 631 ta MFYlar hududida boʻlgan 797 ta fermer xoʻjaliklarining 1 ming 86 ta dala konturlaridan ajratiladi. Ushbu maydonlardan yuqori daromad olish maqsadida 1 ming 323 gektar sabzavot, 669 gektar poliz, 643 gektar kartoshka, 2 ming 428 gektar dukkakli, 1 ming 266 gektar moyli, 109 gektar sholi ekinlari ekiladi va oʻrtacha bitta xonadon 30-50 mln. soʻm daromad topadi.

Xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish uchun 300 mlrd. soʻm, yetakchi tadbirkorlar uchun 110 mlrd. soʻm, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan 4 mlrd. soʻm, mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 20,8 mlrd. soʻm, uch turdagi daftar jamgʻarmalariga 69 mlrd. soʻm (“Saxovat va koʻmak” – 21,2 mlrd. soʻm, “Ayollar daftari” – 23,9 mlrd. soʻm, “Yoshlar daftari” – 23,9 mlrd. soʻm) taqsimot qilib berildi. Viloyatning barcha mahallalarida parrandachilik inkubatorlari tashkil etiladi. Ayni paytda 408 ta mahallada inkubatorlar yiliga 1 million dona joʻjani aholiga yetkazib, tadbirkorlar tomonidan yana 332 ta mahallada yangi inkubatorlar ochish rejalashtirildi.

Birgina misol, Kosonsoy tumanida hokim yordamchilari tavsiyasiga binoan yettita mahalla parrandachilikka ixtisoslashtirilmoqda. Xonadonlarga “Golden Yegg Of Namangan” MCHJ tomonidan yuz kunlik parranda bir yillik veterinariya xizmati bilan imtiyozli kredit asosida yetkaziladi va aholi kunlik mahsulotini tadbirkorning oʻziga sotadi. Qolaversa, 350 ta ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlanadi. Qarabsizki, yiliga qoʻshimcha 10,7 mln. dona tuxum ishlab chiqarilishi orqali bir oilaning yiliga oʻrtacha 11,2 mln. soʻmgacha doramad olish manbasi paydo boʻladi. Bundan tashqari, mazkur hududda 420 ta ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjud 17 gektar yer maydonida parrandachilikka moʻljallangan kichik sanoat zonasi tuzilib, beshta korxona ishga tushdi. Hokim yordamchilari qoʻshimcha 30 ta loyiha tashabbuskorlari bilan hamkorligi natijasida jami 35 ta korxonada 502 mingta parrandadan 400 ming dona tuxum va 110 tonna goʻsht mahsulotlari olinadi.

- Dono xalqimizda “Yakka otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dongʻi chiqmas”, degan purmaʼno maqol bor. Agar biz hamma yumushni faqat hokim yordamchilarining oʻziga tashlab qoʻysak yoki bezovta qilaversak, ayrim jihatlarda ular qiynalishadi. Shuning uchun har bir mahallaning nuroniy otaxon-onaxonlari, faollar, ziyolilar, deputatlar olgʻa surilayotgan qizgʻin saʼy-harakatlarga yaqindan koʻmaklashishlari kerak. Demoqchimizki, yangi tizim samarasi odamlar turmushida tezroq aks etishi uchun maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot loyihalari ham nazarda tutilganmi?

- Albatta, hazrat Alisher Navoiyning Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” hikmatli soʻzini doimo eslayman. Sizga oʻzini oqlagan bir amaliy tashabbusimiz xususida gapirmoqchiman. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur har qanday ish boshlashdan ilgari olimu fozillar, ustozlarning fikri, “mashvarati”ga, yaʼni oʻgitu tavsiyasiga muhtoj boʻlgan, intilgan. Shu maʼnoda, har qaysi mahallada 15 nafarli “Nuroniylar kengashi” aʼzolari faoliyat yuritmoqda. Viloyat boʻyicha jami 11 ming 700 nafar nuroniydan iborat “Faol keksalar” guruhlari qimmatli maslahatlari bilan shaxsiy ibrat koʻrsatmoqdalar.

Soʻnggi yillarda imtiyozli kreditlar ajratilib, ularni qaytarishda aholining toʻlash kayfiyati boqimandalikka uchramoqda. “Ochga non berma, don ber”, naqli bejiz emas. Bu oʻz-oʻzidan ravshanki, non bersang yeb qoʻyadi, don bersang, aksincha, uni sepib, biroz mahsulotli boʻladi, roʻzgʻoriga baraka kiradi, degani. Demak, biz ham kredit berib, ham uni mahalladagi hokim yordamchilari vositasida qatʼiy nazoratini, “Nuroniylar kengashi” aʼzolari, mahalla raislari, milliy urf-odat, anʼanalarimizni asrab kelayotgan komissiyalar va ularning aʼzolari, hududda joylashgan masjidlar imom-xatiblari, otinoyilar, fidoyi maʼnaviyatchilarimiz, hayot tajribasiga ega faollar, ustozlarni biriktirish orqali aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini taʼsirchan usullarda jadal amalga oshirmoqchimiz. Axir azaliy qadriyatlarimizda ham muruvvat koʻrsatishda dangasa, yalqov, takasaltang, boqimandalarga emas, balki taqdiri tufayli tortinchoqligi, jismoniy zaifligi bilan ehtiyojmand boʻlib qolganlar, haqiqiy muhtojlarga jiddiy eʼtibor qaratilishi shart.

Darvoqe, kuni kecha Respublika “Asaka” bank raisi Nodirbek Saydullayev, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Otabek Usmonov hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Shokirjon Imomovlar ishtirokidagi ishchi guruh vakillari hokim yordamchilari faoliyatini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish hamda “xonadonbay” oʻrganishlarning surʼati yuzasidan Yangiqoʻrgʻon va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida boʻldilar.

Yangiqoʻrgʻonning “Qorapolvon”, “Yangi bogʻiston” mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi hokim yordamchilari faoliyati koʻzdan kechirildi. Hududda yashovchi fuqarolar bilan muloqot oʻtkazildi. Masalan, “Semental” zotli mollar va ulardan olinayotgan daromad, issiqxonadan unumli foydalanish, hokim yordamchisi chinakamiga fuqarolarga koʻmakchi ekanligi tushuntirildi. Tumanda tashkil etilayotgan uzumchilik klasteri bilan ham tanishildi. Mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgan, qarovsiz qolgan xonadon egalari va hokim yordamchilariga tavsiyalar berildi. Toʻraqoʻrgʻonning “Xoʻjand” mahallasida esa 590 ta xonadon boʻlib, 410 tasida uzumchilik bilan shugʻullaniladi. Issiqxona, chorvachilik, parrandachilik ham rivojlangan. Davom etayotgan xatlovlarda aniqlangan sanoqli ishsizning bandligini taʼminlash choralari koʻrilgan. Ishchi guruh aʼzolari xonadonlarga kirib, aholi bilan suhbatlashib, mahallani har tomonlama ibratga loyiq ekanligini eʼtirof etishdi.

- Hokim yordamchilariga muhim topshiriqlar bilan birga qator vakolatlaru imtiyozlar ham berilyaptiki, bu ragʻbatlar ularni gʻayrat-shijoatga undaydi, vazifasini sifatli bajarishiga xizmat qilishi aniq. Yuqorida taʼkidlanganidek, Prezidentning mahallalardagi vakillari maqomiga ega hokim yordamchilari yangi ish oʻrinlari yaratish va mehnat balansini muvofiqlashtirish, Davlat dasturlari ijrosidagi ishtiroki nechogʻli ahamiyatli?

- Yurtboshimiz yuksak ishonch bildirayotgan hokim yordamchilari faoliyatini ishchi guruh xulosalari, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilayotgan chiqishlari orqali muntazam kuzatib turibmiz. Insonlarning murojaatlarini dildan tinglab, dardu tashvishlarini bemalol zimmasiga ortib, mushkullarini osonlashtirayotganlarning amaliy ishlari, tashkilotchiligi inobatga olinishi, shubhasiz. Hokim yordamchilarining har qanday oʻrinli tashabbusi, taklifini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaymiz, barcha sharoitlarni hozirlashga tayyormiz. Xalq roziligi yoʻlida kunu tun kamarbasta boʻlayotgan hokim yordamchilari viloyatimiz rahbari Shavkatjon Abdurazzoqovning shaxsan doimiy eʼtiborida va nazoratida.

Hokim yordamchilarining asosiy vazifasidan yana biri 2022-yilda 159 ming nafar (9,5 foiz) ishsizlikka boʻlgan talabni toʻliq taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishdir. Maʼlumot oʻrnida, amalda 117 ming ishsizlar, jumladan, doimiy hamda xorijdan qaytgan ishsizlar, harbiy xizmatdan va jazoni oʻtash joylaridan muddatini bajarib kelganlar, mehnat qilishga ruxsat berilgan 2-3-guruh nogironlari va boshqalar (MFYlardagi ishsizlar, korxona-tashkilotlardan ishdan boʻshatilgan vaqtincha ishsizlar) mavjud. Yangi mehnat bozoriga esa 42 ming nafar ishsiz kirib kelmoqda. Jumladan, 5 ming 556 nafari oliy taʼlim muassasalarini, 12 ming 210 nafari akademik litsey, kasb-hunar kollejlarini hamda 29 ming 986 nafari umumtaʼlim maktablarini bitiradi. Mehnat balansiga muvofiq, 2022-yilda viloyatda jami 571 ming nafar doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari hokim oʻrinbosarlari va tashkilot rahbarlari kesimida taqsimlab olindi.

Qolaversa, ijtimoiy infratuzilma dasturiga asosan 1 ming 325 mlrd. soʻmlik ishlar bajarilib, shundan 28 ta mahallada 318 mlrd. soʻmlik ishlar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Dasturlari orqali amalga oshiriladi. Xalq qabulxonalari tomonidan 54 ta ogʻir mahalla aniqlangan boʻlsa, shundan 28 ta mahallaga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Dasturlaridan tashqari qolgan 26 ta mahallani mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalari uchun mablagʻ yoʻnaltiramiz. Hokim yordamchilari bilan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etishda yelkama-yelka turib ishlaymiz. Xususan, Pop va Chust tumanlarida 640 ta xonadonga ega 32 ta koʻp qavatli uylar, 2 ta bogʻcha, 2 ta tibbiyot muassasalari, xizmat va savdo shoxobchalari tashkil etiladi. Oldimizdagi istiqbolli rejalarimiz, ezgu vazifalarimiz roʻyobga chiqishida mahallaning suyanchiyu tayanchiga aylanuvchi hokim yordamchilariga kuch-quvvat tilaymiz. Ular bilan birgalikda inson qadri uchun yakdil xizmat qilishni yangi bosqichga koʻtarishga bor kuch va salohiyatimizni sarflaymiz.

- Mazmunli suhbatingiz hamda tahliliy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashganingiz uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Orifjon JOʻRAYEV suhbatlashdi.