“Hokimbuva, bolalarimni boqishga qiynalayapman!"

    Ijtimoiy hayot 26 Noyabr 2021 2312

    Bugun, Toshkent viloyati Parkent tumani hokimi Shohrux Shoahmedov fuqarolar qabulini o'tkazdi. Hokim va uning o'rinbosarlari, tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etgan qabulda odamlar uy-joy, moddiy yordam, sog'liqni saqlash, mahalla ko'chalarini obodonlashtirish va asfal`t yotqazish singari masalalarda murojaat qilishdi.

    Qabul vaqtida "O'choq" mahallasidan Dilafruz Rasulova farzandlarini boqishga qiynalayotgani sabab hokimdan tadbirkorlik qilishi uchun bozor hududidan joy ajratib berishini so'radi.

    Muloqot davomida ko'ziga yosh olib gapirgan murojaatchining muammosi joyida hal qilindi.

    Fuqarolar qabulida ikki muhim jihat ko'zga tashlandi. Birinchisi, mahalliy byudjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismining katta qismi aholi hayotini yaxshilashga sarflanishi aytib o'tildi. Ikkinchisi, aholi muammosi yuzasidan soha mas'ullariga talab juda qattiq qo'yilib, odamlarni qiynayotgan masalalarni o'z vaqtida bajarishga loqayd mutasaddilar lavozimidan ozod etilishi hokim tomonida ta'kidlandi.

    Murojaat ortida inson taqdiri, uni qiynayotgan, o'ylantirayotgan masalalar, orzu-o'ylari, echimini kutayotgan muammolar turishi shubhasiz. SHu bois, murojaat qanoatlantirilsa, baxtli odamlar safi ortib boraveradi.

    Hokim fuqarolar qabulida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan soha mutasaddilariga imkon darajada qisqa fursatlarda ko'rib chiqilishi, murojaatni ko'rib chiqayotgan xodim mas'uliyatni oshirish kerakligini qat'iy ta'kidladi.

    Qabulga kelgan 22 kishidan 3 nafarining muammosi joyida hal bo'ldi, 3 kishiga huquqiy tushuntirish berilib, 16 ta murojaat ijroga qaratildi, deb xabar bermoqda “Parkent tongi” gazetasi.