Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda ekologik vaziyat yomonlashayotgani, havo ifloslanishi, yoʻllarda tirbandliklar koʻpayib borayotgani keng muhokama boʻlmoqda.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxtdagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda, deyiladi hokimlik axborotida.
Taʼkidlanishicha, avvalo ekologik barqarorlikni taʼminlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yoʻllarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan soʻng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etiladi. Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan boʻlishi zarur.
Ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yoʻnalish boʻyicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda.
Tez orada ushbu taqdimot keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi.