Toshkent viloyati hokimligi Аxborot xizmatining yozishicha, uchrashuvda 200 nafardan ortiq fuqarolarning uy-joy, tadbirkorlik, qurilish, moddiy yordam olish kabi 20 dan ortiq yoʼnalishdagi murojaatlari tinglandi. Xususan, kredit, moddiy yordam olish, bandlik, qurilish bilan bogʼliq 74 ta murojaatning 58 tasi shu joying oʼzida hal etildi.
Darvoqe, murojaatchilardan biri kutilmagan taklif bilan kelgan ekan. Аniqrogʼi, u Oʼrta Chirchiq tumaniga hokim boʼlish istagida kelganini yashirib oʼtirmadi...
– Oʼgʼlimni uylantirishimiz kerak, toʼy qilishga imkoniyatimiz yetmay turibdi. Qolaversa, mahallamizda yoʼlni asfalьt qilish, simyogʼochlarni yangilashda muammolar bor, — deydi fuqaro Eʼtibor Roʼzmatova. — Shu masalada viloyat hokimiga murojaat qildim. Toʼy qilishimizga amaliy yordam beriladigan boʼldi. Yoʼl qurilishi va elektr energiyasi bilan bogʼliq muammo ijobiy hal etilib, amaliy ishlar boshlanadigan boʼldi. Bundan juda xursandmiz.
Uchrashuvda mahallada guzar tashkil etish, yoshlarning sport bilan shugʼullanishi uchun imkoniyat yaratib berish borasidagi takliflarga ham yechim topildi. Xususan, Yangiyoʼl tumani “Samarqand” MFYda yashovchi Merganboy Shakarov hudud yoshlarini sport bilan shugʼullanishiga yetarli sharoit yaratish maqsadida stadion qurishni rejalashtirganini aytib, mutasaddilardan maslahat oldi.
Toshkent tumani “Tutzor” MFYda yashovchi fuqaro Shoislom Shomansurov viloyat hokimi ishtirokida tashkil etilgan avvalgi qabullarda gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan bogʼliq muammolar yuzasidan murojaat qilgan va ushbu masalalar ijobiy hal etilgan edi. Murojaatchining bu gal kanalizatsiya tizimidagi kamchiliklar yuzasidan koʼtargan masalasi ham hal etilib, viloyat hokimi tomonidan nazoratga olindi.
Qabul davomida sud-huquq masalasidagi 50 dan ortiq hamda hudularga tegishli ayrim murojaatlar ijrosi tuman-shahar hokimlari va soha masʼullari tomonidan nazoratga olindi.