Taʼkidlanishicha, E-qaror elektron tizimi – bu hokimlarni qarorlarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish va eʼlon qilinishini 24/7 rejimida va Internet tarmogʻi mavjud boʻlgan dunyoning istagan nuqtasidan foydalanish imkoniyatini beruvchi elektron dastur hisoblanadi. Bu dasturda foydalanishni qachon amalga oshirishni har bir loyiha tayyorlovchi va imzo qoʻyuvchi rahbar hamda xodimlar oʻzi hal etadi.
Shu bilan birga hokimlikning masʼul xodimlari tomonidan dastur orqali qaror yoki farmoyish loyihasi juma kuni tayyorlanib hokimga imzoga kiritilgan boʻlsa, qaror loyihasini hokim yakshanba kuni ish joyidan tashqari holda (masalan uyda oʻtirib) oʻzining planshet yoki boshqa kompyuter texnikasidan foydalangan holda imzolash imkoniyati mavjud. Bunday holatlarda hech kim yakshanba kuni ishga chiqmaydi.
Maʼlumot oʻrnida, 2021-yildagi Davlat dasturining 15-bandiga asosan, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi 2021-yil 22-iyunda 390-son bilan qabul qilindi.
Qaror bilan 2021-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qarorlarni faqatgina “E-qaror” elektron tizimi orqali tayyorlab, qabul qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyildi hamda “E-qaror” elektron tizimini chetlab oʻtgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlarini qabul qilishga yoʻl qoʻyilmasligi, bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda u qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi belgilandi.
Hozirda respublikamizning barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarida “E-qaror” elektron tizimi ulangan boʻlib, ushbu tizim orqali yagona makonda 2021-yil 23-iyul holatiga jami 16 mingdan ortiq qaror va farmoyishlar qabul qilinishi taʼminlandi.
“E-qaror” elektron tizimi orqali hokim qarorlari birorta qogʻoz ishlatilmasdan elektron tarzda qabul qilinadigan boʻldi. Bir yilda respublika boʻyicha taxminan 600-700 mingga yaqin turli mazmundagi hokim qarorlari qabul qilinadi, bu yiliga kamida oʻrtacha hisobda 5-6 mln qogʻoz sarf qilinadi deganidir.
“E-qaror” elektron tizimining ishga tushirilishi esa ushbu qogʻoz sarfining oldini oladi hamda hokim qarori, farmoyishi va kengash qarorlarini ishlab chiqishda inson omilini kamayishiga va korrupsiyani oldini olishga yordam beradi hamda fuqarolarimiz tomonidan hokimliklarning qabul qilingan hujjatlari bilan Internet tarmogʻida tanishish imkoniyati yaratiladi.