Farmonga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:

yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish;

tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;

sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;

jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun yer berish;

xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.

Farmon bilan prokuratura organlari ishchi organligida Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.

Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga boʻlgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilishi mumkin.

Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.