— Afsuski, bugungi kunda aholining bu qatlamlarini emlash uchun JSSTning rasmiy roʻyxatidan oʻtgan vaksinalar orasida alternativ boʻlgan boshqa vaksinalar yoʻq.

Maʼlumotlarga qaraganda, jahon olimlari tomonidan bir necha vaksinalarning bolalar va homiladorlarga moslashtirilgan turlari ishlab chiqilgan boʻlib, ular klinik sinovlardan oʻtkazilmoqda.

Bolalar va homiladorlar uchun vaksinalar xavfsizligi, samaradorligi va sifati jihatidan 3-klinik sinovlarda toʻliq ijobiy natija koʻrsatsa, JSST rasmiy roʻyxatidan oʻtkaziladi, undan keyingina ommaviy qoʻllash uchun tavsiya etiladi.

Bugungi kunda homilador ayollar va bolalar uchun koronavirus infeksiyasidan saqlanishning eng samarali usullari — karantin qoidalariga rioya qilish, yaʼni tibbiy niqoblarni taqib yurish, ijtimoiy masofani saqlash va qoʻllarni doim sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berishdir.

Shu bilan birga, ularga sogʻlom ovqatlanish, kun tartibiga rioya qilish, odam gavjum joylarga bormaslik, lekin toza havoda sayr qilish va yengil jismoniy faollik, nafas mashqlarini muntazam bajarib turish bilan immunitetlarini mustahkamlash tavsiya etiladi. Bu esa, oʻz oʻrnida, organizmga infeksiya tushganida ham kasallik yengil oʻtishiga xissa qoʻshadi.

Shunday boʻlsa-da, bolalar va homiladorlarda shamollash alomatlari paydo boʻlsa, ularni imkon qadar alohidalash va shifokorga murojaat etish kerak. Bu kabi shamollash alomatlari koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq yoki yoʻqligi tekshirilib, shifokor nazoratida davolanishni boshlash zarur.

Manba: Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.