Joriy yilga sana va “Hosil bayrami” Toshkent davlat agrar universitetida nishonlandi.
Bayram tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyening qishloq xoʻjaligi xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Prezident tabrigida “Biz har bir qarich yerdan hamda har bir tomchi suvdan unumli foydalanadigan, doimo izlanib, oʻziga xos tajriba yaratgan insonlarni haqiqiy vatanparvar sifatida qadrlaymiz. Joriy yilda ham mana shundan klasterlar va fermerlar tomonidan
100 ming gektar yerlar foydalanishiga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekildi, mevali bogʻ va tokzorlar barpo etilmoqda.
Iqlim oʻzgarishi, global isish oqibatida mamlakatimizda suv tanqisligini oldini olish uchun 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, 3 mlrd kub metr suv iqtisod qilindi va
qariyb 1 mln gektardan yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi.
Sohada zamonaviy ilm va innovatsiyalarga asoslangan resurstejamkor texnologiya va agrotexnik tadbirlarni joriy etish, gumusli bio oʻgʻitlarni qoʻllash hisobiga tuproq sifati yaxshilanib, hosildorlik paxtada 10 foiz, bugʻdoyda 20 foiz, sabzavot-poliz ekinlarida 25-30 foizgacha oshdi”,–deyilgan.
Shuni alohida aytib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 - 2030-yillarga moʻljallangan Strategiyasi” bilan 9 ta ustuvor yoʻnalish, qisqa va uzoq muddatli islohotlarni amalga oshirish tamoyillari belgilandi. Ayni paytda Strategiyada belgilab berilgan tamoyillar asosida agrar sohada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni xususan, chorvachilik va issiqxona xoʻjaliklarini, paxta-toʻqimachilik klasterlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, hamda uzumchilik va vinochilik sohasini barqaror rivojlantirish, xom ashyo bazasi kengaytirish va eksport hajmini oshirish, agrar sektorni zamonaviy, resurstejamkor texnikalar bilan taʼminlashni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etildi.
Foydalanishdan chiqib ketgan 1,1 mln gektar yerlarni oborotga kiritish Konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida oʻtgan 6 yil mobaynida qariyb 670 gektardan ortiq yerlar foydalanishga kiritildi. Ushbu yerlarda 280 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi va qoʻshimcha 4,2 mln tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi.
Bayram tadbirida taʼkidlanganidek, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2016-2023-yillarda jami 400 ming gektardan ortiq paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat ekinlari joylashtirildi. 2017-2023-yillarda 156,6 ming gektar yangi mevali bogʻlar (92,6 ming gektar intensiv) va 157,7 ming gektar yangi uzumzorlar barpo qilindi.
Barcha toifa xoʻjaliklarida mevali bogʻlar maydoni 355,6 ming gektarga, uzumzorlar 209,7 ming gektarga yetkazildi. Amalga oshirilgan tizimli tadbirlar natijasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yillik oʻsishi oʻrtacha 103,7 foizni tashkil etdi.
Umuman olganda, davlatimizning qishloq xoʻjaligi ravnaqiga qaratilgan alohida eʼtibori, dehqon va fermerlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bois sohaning barcha tarmoqlarida oldingi yillarga nisbatan salmoqli yutuqlarga erishildi. Masalan, dehqonlarimiz joriy yilda 3 mln. 800 ming tonna paxta, 8.5 mln. tonna gʻalla xirmoni yaratdilar. Shuningdek, 15 mln. tonnadan ortiq sabzavot-poliz, 5 mln. tonna meva va uzum, 4 mln. tonna kartoshka yetishtirdilar. Sohaning boshqa tarmoqlarida ham shunday oʻsish kuzatilmoqda.
Bayram tadbiri doirasida bir guruh agrar soha rivojiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda qishloq xoʻjaligi fidoyilariga Oʻzbekiston Respublikasi “Qishloq xoʻjaligi fidoiysi” koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.