Ushbu infeksionist, mikrobiolog, Germaniyaning mikrobiologik laboratoriyalarini akkreditatsiya qiluvchi organi (DAkkS)ning eksperti mamlakatimizning turli hududlarida koronavirusga chalingan bemorlarni samarali davolash boʻyicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda. U Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimiga yurtimizdagi faoliyati xususida intervyu berdi.
– Bir oy davomida yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni oʻrganish imkoningiz boʻldi. Uni qanday baholaysiz?
– Aslida bu mening Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifim. Birinchi marta may oyida kelgandim. Oʻsha paytdagi va hozirgi vaziyatni taqqoslaydigan boʻlsam, ayni vaqtda yangi kasallanish holatlarining qayd etilishi sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, oʻz yurtim va Oʻzbekistondagi holatni taqqoslash imkoniyatiga egaman. Germaniyada koronavirusning birinchi qayd etilishi sizning mamlakatingizga qaraganda olti hafta oldin boshlangan. Yaʼni, hozir Oʻzbekistonda kuzatayotganlarim Germaniyada 1-2 oy avval boʻlgan vaziyatga oʻxshaydi. Ushbu taqqoslash imkoniyatining oʻziga xos afzalliklari va ijobiy tomonlari mavjud. Chunki men Germaniyada toʻplagan tajribamni maʼlum vaqt siljishi bilan mos ravishda Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlganimdan mamnunman.
– Germaniya va Oʻzbekistonda odamlarning epidemiologik vaziyatni qabul qilishida farq kuzatdingizmi?
– Yoʻq, aksincha. Odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilsak, ular Germaniyadagiga juda oʻxshash. Yaʼni, dastlab odamlar virus xavfini jiddiy qabul qilishdi, tartib-intizomga qatʼiy rioya etishdi. Ammo vaqt oʻtishi bilan fuqarolar boʻshashdilar: oralaridagi ijtimoiy masofani saqlamay, niqoblarni toʻgʻri taqmay qoʻyishdi. Men hozir xuddi shunga oʻxshash vaziyatni bu yerda ham kuzatmoqdaman. Kuni kecha mehmonxona derazasidan shunday holatni kuzatdim: favvora yonida yoshlar niqobni toʻgʻri taqmagan va ijtimoiy masofani saqlamagan holda dam olishyapti.
Afsuski, Germaniyada odamlar tartib-intizomga rioya qilishni unutgan oʻsha paytda virusning qayd etilishi ancha oʻsdi. Vaziyatdan foydalanib, yurtingiz aholisini ogohlikka chaqirmoqchiman. Agar orangizda shunday befarq odamlar koʻpayadigan boʻlsa, 1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin. Shuning uchun ham ehtiyot choralariga qatʼiy amal qilishlari zarurligini aytmoqchiman. Vaziyatni nazorat qilish odamlarning oʻz qoʻllarida.
(Davomi bor...)